
Commonwealth Partnership (CMWP) ekspertlarining hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi kovorking maydonlarining 22 foiziga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Hozirda butun mintaqada jami 66 ta kovorking faoliyat yuritmoqda, ularning umumiy maydoni 95,5 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu maydonlarning 58 foizi Qozog‘istonga to‘g‘ri keladi – yirik kovorkinglar, asosan, Olmaota va Ostona shaharlarida joylashgan.
Qirg‘iziston kovorkinglarining 18 foiziga ega, Tojikiston va Turkmanistonning ulushi esa birgalikda atigi 2 foizdan oshmadi.
Mintaqada hozircha xalqaro yoki o‘zaro bog‘langan kovorking tarmoqlari mavjud emas. Aksariyat ish maydonlari kichik biznes va frilanserlar ehtiyojlariga moslashtirilgan. Mintaqadagi yirik mahalliy kovorking tarmoqlari qatoriga O‘zbekistondagi C-Space, Qirg‘izistondagi Ololo va Qozog‘istondagi Yourt kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ILMA O‘zbekistondagi sug‘urta tashkilotlari reytingini e’lon qilgan edi.