Yangiliklar

Poytaxtda 2025-yilda 265 ta investitsiya loyihasi ishga tushiriladi

Umumiy hisobda esa 717 ta
Poytaxtda 2025-yilda 265 ta investitsiya loyihasi ishga tushiriladi/ Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan poytaxtning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlangan bo‘lib, unda shahar uch hududga – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan.

Renovatsiya zonasi doirasida eskirgan va zilzilabardoshlik talablariga javob bermaydigan uylar o‘rnida zamonaviy binolar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bosh rejada 300 dan ortiq manzilda yangilanish ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2025–2026-yillarda 65 ta loyiha amalga oshiriladi.

Prezident loyihalarning arxitektura, xavfsizlik va ekologiyaga mos bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, maktab, bog‘cha va yashil hududlar bilan uyg‘un rivojlanish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, 2030-yilgacha 100 km kanallar rekonstruksiya qilinib, ularning atrofida sayilgohlar tashkil etilishi belgilangan.

Poytaxtda umumiy qiymati $25 mlrdlik 717 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. 2025-yilda ularning 265 tasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu orqali yangi turarjoylar, savdo markazlari va sanoat korxonalari yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni va uni jadallashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.