Respublikada 60 ming o‘qituvchi 8 – 12 mln oylik oladi — prezident

Hozirda respublikadagi 60 ming nafar o‘qituvchi maoshi 8 – 12 million so‘mga yetdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Prezident nutqi avvalida respublika aholisini 15-may Xalqaro oila kuni bilan tabrikladi.
Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi uchun joriy yilda 60 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani aytildi.
Maktablarda yaratilgan yangi o‘rinlar soni 1 millionga yaqinlashgan bo‘lsa, bog‘chalarda bu ko‘rsatkich 1,5 millionga yetgan.
Bir qancha mezonlar asosida o‘qituvchilarga o‘ndan ortiq ustamalar joriy qilinib, loyiq topilgan 60 ming o‘qituvchiga hozirda 8 – 12 million so‘m maosh to‘lanayotgani keltirib o‘tildi.
Shu bilan birga, bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilariniki bilan tenglashdi. Sentabrdan esa maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining oyligi 7 – 10 million so‘mdan oshishi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yil o‘qituvchisi» g‘oliblariga 525 million so‘m pul mukofoti berilishi haqida yozgandi.