
Xitoyda avtomobillar sifati bo‘yicha 2025-yil birinchi chorak reytingida Xiaomi SU7 katta elektromobil-sedanlar segmentida eng past o‘rinni egalladi. Bu haqda Car News China nashri xabar berdi.
Ushbu model 239 ta jarima bali bilan ro‘yxatning oxiridan joy oldi. Bu segmentdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 56 ball ko‘proq bo‘lib, SU7 sifati va ishonchliligiga oid jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.
Shunga qaramay 2025-yilning yanvar – aprel oylarida Xiaomi SU7’dan 104 454 dona sotilgan. Bu ko‘rsatkich avtomobilga bo‘lgan yuqori talabni anglatadi, biroq sifat yuzasidan ko‘plab shikoyatlar bildirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ushbu ro‘yxat haqida batafsil ma’lumotlarni e’lon qilgandi.
Unga ko‘ra, reytingning yetakchilari Xitoyning mahalliy brendlari bo‘lgan GAC, Changan va ArcFox avtomobillari bo‘ldi. Ro‘yxatning oxirida esa Dayun, MG va Neta brendlari joylashgan.