Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan siyosatchini Turkiyaga elchi qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy farmoni bilan Nariman Jalilov Turkiyadagi Ukraina Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda davlat rahbarining farmonida keltirilgan.
Nariman Jalilov – qrim-tatarlik siyosatchi, jurnalist va inson huquqlari himoyachisi. U 1980-yil 27-aprelda O‘zbekistonning Navoiy shahrida tug‘ilgan. 1989-yilda oilasi bilan Qrimga qaytgan.
Odessa milliy universitetining siyosatshunoslik yo‘nalishini tamomlagan. «Avdet» gazetasida jurnalist, ATR telekanalida boshlovchi, Simferopol xalqaro maktabida tarix va huquq o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
2013-yilda Qrim tatar xalq Majlisi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
2021-yil sentabrda Qrim platformasi sammitida qatnashganidan so‘ng, Rossiya xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olinib, sabotajda ayblangan. 2022-yilda unga 17 yil qattiq tartibdagi koloniyada jazoni o‘tash hukmi chiqarilgan.
2024-yil iyun oyida u mahbuslar almashinuvi doirasida ozod qilinib, Ukrainaga qaytgan.
Avvalroq «Kursiv» Ukraina O‘zbekistondagi uchta kompaniya va bir fuqaroga sanksiya e’lon qilgani haqida yozgandi.