1-iyundan yo‘l chiziqni bosganlik uchun avtomatik jarima yozilmaydi

Prezident topshirig‘iga asosan qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-iyundan boshlab avtomobil yo‘llaridagi chiziqlarni bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlari avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlanmaydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bundan faqatgina to‘xtash chizig‘i – «stop-liniya» (5.33 belgisi) mustasno hisoblanadi.
Ya’ni haydovchi yo‘l chizig‘ini bosib o‘tsa, bu holat radar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi va avtomatik tarzda jarima yozilmaydi. Biroq Yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan aniqlansa, qoidabuzarlik belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yanvar – aprel oylarida 8445 ta mast holda transport vositasini boshqarish holati aniqlangani haqida yozgan edi.