Aprel oyida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 1,3 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik aprel oyida barqarorlashganini ma’lum qildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar qildi.
Oy boshidan buyon ko‘chmas mulk bozorida 24 mingta oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. Bu mart oyiga nisbatan 20 foizga ko‘p.

Ijobiy o‘sish kuzatilgan hududlar qatorida Namangan (39%), Samarqand (29%) va Buxoro viloyatlari (27%) bor.
Ikkilamchi bozor tahlili
Aprel oyida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan oyga nisbatan 1,3 foizga oshib, o‘tgan yilga nisbatan esa 2,4 foizga qimmatlashdi. Viloyatlar kesimida eng katta yillik o‘sishlar Jizzax (19,8%), Surxondaryo (15,9%) va Xorazm (10%) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonga (10,1%) to‘g‘ri kelmoqda.

Toshkent shahridagi vaziyat
Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori deyarli o‘zgarmagan, poytaxtda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab barqaror bo‘lib qolmoqda. Yillik hisobda birlamchi va ikkilamchi bozorda pasayish kuzatildi.
Aprelda birlamchi uy-joylar narxlari 4,2 foizga, ikkilamchi uy-joy narxlari esa 6,3 foizga kamaygan. Ikkilamchi bozorda shahar bo‘ylab eng katta pasayish Chilonzor tumanida 10,7%, Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,4% va Yashnobod tumanida 8,2 foizni tashkil etdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Uchtepa (15,3%), Shayxontohur (13,3%) va Yunusobod (8,8%) tumanlarida bo‘ldi.
Ijara bozori tahlili
Aprelda Toshkent shahrida ijara bozorida barqarorlik kuzatildi. Kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi $8,1ni saqlab qoldi. Eng qimmat tumanlar Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy(kvadrat metr uchun $10,4) bo‘ldi.
Biroq o‘tgan yilga nisbatan ijara narxlari 3 foizga kamaydi. Eng katta pasayish Uchtepa, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida kuzatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston 2024-yilda ipoteka kreditlarini berish o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga kamaygani haqida yozgandi.