
Amerikalik YouTube-bloger Cleetus McFarland va uning jamoasi Chevrolet Spark avtomobilini kuchli drag-poyga avtomobiliga aylantirdi. Ular Spark’ning asl kuzovini saqlab qolgan holda, ichki tuzilishini to‘liq o‘zgartirib, quvvatli V8 dvigatelini joylashtirish uchun trubkali karkasdan foydalangan.

Dastlab 10,3 litrli, 1000 ot kuchiga ega motor rejalashtirilgan bo‘lsa-da, yakunda 8,8 litrli dvigatel tanlandi. Bu dvigatel Spark’ga 9,995 soniyada chorak mil (402 metr) masofani bosib o‘tish imkonini berdi. Avtomobilning og‘irligi taxminan 680 kg bo‘lib, u sekvental uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Ushbu loyiha dastlab Burnout Rivals shousi uchun yaratilgan bo‘lsa-da, keyinchalik to‘liq drag-poyga avtomobiliga aylantirildi. McFarland’ning Spark’i o‘z turida eng tezkor avtomobilga aylangan.
Avtoe’lon’ning yozishicha, o‘zbekistonlik avtomobil ixlosmandlari orasida ham Spark’ni o‘zgartirishga qiziqish mavjud. Ba’zilar Nexia dvigatelini o‘rnatgan bo‘lsa, ayrim hollarda Honda K24 motori bilan tajribalar o‘tkazilgan. Biroq V6 yoki V8 kabi katta dvigatellarni o‘rnatish holatlari kuzatilmagan. Buning asosiy sababi Spark’ning dvigatel joylashuvi uchun mo‘ljallangan hududning kichikligi va kuzovning konstruktiv xususiyatlaridir.
Eslatib o‘tamiz, Damas’ga konditsioner o‘rnatgan o‘zbekistonlik haqida yozgan edik.