
General Motors kompaniyasi Janubiy Koreyada 2026-yilgi Chevrolet Trailblazer modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda GM Authority nashri ma’lum qildi.
Bu yangilangan krossover o‘zining zamonaviy dizayni va funksional imkoniyatlari bilan nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozorlarda ham xaridorlar e’tiborini qozonmoqda.

Yangi Trailblazer aynan Janubiy Koreyada ishlab chiqarilmoqda — bu mamlakat hozirda modelning yagona ishlab chiqarish markazi hisoblanadi. Shu bois, avtomobil ilk marotaba o‘z «vatanida» taqdim etilib, ayrim yangilanishlar bilan bozorga chiqarildi. 2026-yilgi model — bu mashhur krossoverning oltinchi avlodi bo‘lib, u mustahkam tashqi ko‘rinish va to‘liq yurituv tizimi bilan o‘z sinfida ajralib turadi.
Yangi modelda ikkita yangi kuzov rangi — Pistachio Khaki (yashil) va ilk marotaba qo‘shilgan Mochaccino Beige (och qahva) ranglari mavjud. Shuningdek, Activ trimining old g‘ildirakdan tortuvchi (FWD) yangi versiyasi ham taqdim etildi. U soddalashtirilgan kuzov ko‘rinishi va kengaytirilgan jihozlar ro‘yxati bilan ajralib turadi. Barcha trimlar avvalgidek bir xil kuch uzatmalar tizimi bilan jihozlangan.

Trailblazer’ning trimlari Premier, RS va Activ ko‘rinishida taqdim etilgan bo‘lib, ularga yangi dizayn detallariga ega, yuqori darajadagi cheklangan nashr qo‘shilgan.
Mazkur modelning chiqarilishi 1-apreldan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. GM Korea kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yildan buyon mamlakatda 570 mingdan ortiq Trailblazer sotilgan. Bu esa uni o‘z segmentining etakchi vakillaridan biriga aylantirgan.

2026-yilgi Trailblazer narxlari Janubiy Koreyada quyidagicha:
- Trailblazer Premier — 27 570 000 von (taxminan $19 710)
- Trailblazer RS — 30 520 000 von ($21 820)
- Trailblazer Activ FWD — 32 500 000 von ($23 240)
- Trailblazer Activ AWD — 35 650 000 von ($25 490)

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Atlas krossoveri to‘rtinchi avlodining rasmiy sotuvi boshlangani haqida yozgan edik.