
2025-yil 14-maydan 18-maygacha ochiq havoda faoliyat yuritayotgan fermer, bog‘bon va dehqonlarga kunduzgi soat 10:00 dan 16:00 gacha dala ishlarini vaqtincha to‘xtatish tavsiya etildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Bu chora yuqori harorat va kuchli quyosh nurlari ta’siridan odamlarni asrash, issiqlik urishining oldini olish hamda mehnat sharoitlarini xavfsizlashtirish maqsadida belgilangan.
Shuningdek, vazirlik dala ishlarini ertalabki yoki kechqurungi soatlarga ko‘chirishni so‘radi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bugun, 16-may kuni havo harorati 43 darajagacha ko‘tarilishi haqida yozgandi.