Yangiliklar

Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln kredit ajratadi

HET o‘z hisobidan yana 50 mln sarmoya kiritadi
Jahon banki O‘zbekiston elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun $100 mln kredit ajratadi / Foto: Het.uz

Jahon banki O‘zbekistonga $100 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu mablag‘ «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bilan hamkorlikda mamlakatdagi elektr taqsimlash infratuzilmasini modernizatsiyalash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish va ustuvor hududlarda elektr ta’minotining ishonchliligini oshirishga yo‘naltiriladi.

Ushbu dasturning umumiy qiymati $150 mln bo‘lib, HET o‘z hisobidan yana 50 mln sarmoya kiritadi. Reja asosida 6 ming km elektr tarmog‘i yangilanadi, 1,2 ming transformator o‘rnatiladi, 150 ming aqlli hisoblagich va 4 ming kontsentrator joriy etiladi.

Loyihaning asosiy maqsadi – tarmoqlarning quvvatini oshirish, elektr ta’minotini barqaror qilish hamda 2030-yilgacha 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish salohiyatiga erishishdir. Shu bilan birga, gender tengligini ta’minlash ham maqsad qilib olingan – 2029-yilgacha ayollar ulushi 14 foizga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sutni qayta ishlovchi korxonalarni yaratishga $250 minggacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgan edik.