Orol tubida sho‘rlanishga chidamli gigant qamish sinovdan o‘tkazildi

eʼlon qilindi
Namlikni yaxshi ko‘ruvchi bu qamish turi chuqur ildiz otish, sho‘rga moslashish va tuproqni mustahkamlash kabi xususiyatlarga ega
gigant qamish
Orol tubida sho‘rlanishga chidamli gigant qamish sinovdan o‘tkazildi / Foto: Rasul Kusherbayev

Ekologiya vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan professor Zinoviy Novitskiy rahbarligida olib borilgan tadqiqotlarda sho‘rlanishga chidamli o‘simliklar, xususan, gigant qamish sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o’z telegram sahifasida ma’lum qildi.

Tajribalar natijasida bu o‘simlik yuqori darajadagi sho‘r tuproqli, og‘ir ekologik sharoitlarda ham yashovchanligini isbotladi. Namlikni yaxshi ko‘ruvchi bu qamish turi chuqur ildiz otish, sho‘rga moslashish va tuproqni mustahkamlash kabi xususiyatlarga ega. Ildizlar ikki metrgacha chuqurlashgani va gorizontal yo‘nalishda keng yoyilayotgani aniqlangan.

Ilmiy jamoa uni sun’iy ko‘paytirish bo‘yicha ham samarali texnologiya ishlab chiqdi. Bu usulda ona o‘simlikdan 1 metr chuqurlikda olingan ildiz kurtaklaridan sho‘r muhitga moslashgan ko‘chatlar yetishtiriladi. Sinovlarda yashab qolish darajasi 90 foizdan yuqori bo‘lgan.

Mazkur natijalar Orolbo‘yi hududining ekologik tiklanishiga xizmat qiladi. Hozirga qadar 2 million gektar maydonda yashil qoplama barpo etilgan bo‘lsa, yana qo‘shimcha 100 ming gektar maydonda o‘rmonlashtirish ishlari rejalashtirilmoqda. Uzoq muddatli maqsad — o‘rmonzorlarni 2,1 million gektarga yetkazishdan iborat.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan beri to‘rt mingga yaqin noqonuniy chiqindi tashlash holati aniqlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek