Prezident Vengriya va Sloveniya davlatlariga rasmiy tashrif buyuradi

2025-yil 19 – 22-may kunlari Shavkat Mirziyoyev Vengriya va Sloveniya davlatlariga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tashrif doirasida 19-may kuni davlat rahbari Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan Budapeshtga yetib boradi. U yerda oliy darajadagi muzokaralar, rasmiylar hamda yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Tashrif davomida strategik sheriklik va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.
21-may kuni Mirziyoyev Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etadi.
22-may kuni esa Sloveniya poytaxti Lyublyanada prezident Natasha Pirs Musar bilan muzokaralar olib boriladi. Shuningdek, Sloveniya parlamenti va hukumat rahbariyati bilan uchrashuvlar, ishbilarmonlar ishtirokidagi tadbirlar ham rejalashtirilgan.
Tashrif davomida ikki davlat bilan farmatsevtika, sanoat, oziq-ovqat, to‘qimachilik, mehnat migratsiyasi va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan renovatsiya va investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi.