Onlayn bozorlarda yuzlab kontrafakt mahsulotlar aniqlanib, sotuvdan olib tashlandi

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Uzum Market, Olcha va Glotr onlayn marketpleyslarida kontrafakt mahsulotlar savdosi aniqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.
Unga ko‘ra, Uzum Marketda 220 ga yaqin, Olcha va Glotr’da esa 50 ga yaqin kontrafakt mahsulotlar sotilgan. Mashhur brendlar — Puma, Lacoste, Adidas, Chanel, Eclat, Gucci, Samsung, Bosch nomidan foydalanilgan.
Bu mahsulotlar asosan kiyim-kechak, kosmetika vositalari va maishiy texnika toifasida ko‘p uchramoqda.
Uzum Market platformasida huquq egalarining murojaatlariga asosan ayrim kontrafakt mahsulotlar savdosi to‘xtatilib, ular saytdan olib tashlandi. Qolgan holatlar bo‘yicha huquq egalariga ma’lumotlar yuborilgan. Ularning javoblariga asosan qonuniy choralar ko‘rilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bozorlarda 22 million so‘mlik muddati o‘tgan mahsulotlar savdodan olingani haqida yozgandi.