Xitoyda 5G tarmog‘idan 10 barobar yuqori tezlikda ishlaydigan texnologiya yo‘lga qo‘yildi

China Telecom kompaniyasi Xitoyda 5G-Advanced (5.5G yoki 5G-A) texnologiyasining tijorat foydalanishini rasman boshladi. Bu haqda Mydrivers ma’lum qilmoqda.
Bu yangi avlod mobil aloqa tarmog‘i 5G texnologiyasiga nisbatan 10 barobar yuqori tezlikni ta’minlaydi.
5G-A texnologiyasining asosiy xususiyatlari:
- Yuklab olish tezligi: 10 Gbit/s gacha;
- Yuklash tezligi: 1 Gbit/s gacha;
- Qo‘llab-quvvatlanadigan ilovalar: keng tarmoqli ilovalar, jumladan, kengaytirilgan reallik.(AR)

China Telecom 5G-A paketlari foydalanuvchilarga sun’iy yo‘ldosh kanallariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish, sun’iy intellekt asosidagi xizmatlar (bulutli saqlash, spamdan himoya, AI video qo‘ng‘iroqlar) kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Hozirda 5G-A texnologiyasi Xitoyning 31 provinsiyasida sinovdan o‘tkazilmoqda va tijorat ishga tushirilishida taxminan 50 mln foydalanuvchi ushbu tarmoqdan foydalanishi kutilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida bu texnologiya 5G-Advanced (5G-A) nomi bilan tanilgan bo‘lib, 3GPP Release 18 standarti asosida ishlab chiqilgan. U 5G va kelajakdagi 6G tarmoqlari o‘rtasidagi o‘tish bosqichi bo‘lib, tarmoq samaradorligini oshirish, quvvat tejamkorligini yaxshilash va kengaytirilgan funksiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Amazon Kuiper loyihasining ilk internet sun’iy yo‘ldoshlari uchirilgani haqida yozgan edik.