Yangi pensiya tizimi: o‘zbekistonliklar nimaga tayyor turishi kerak?

Foto: anhor.uz
O‘zbekistonda pensiya yoshi shu paytgacha o‘zgartirilmagan, ya’ni erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqadi. Bu sobiq SSSR hududiga kirgan davlatlar orasida kamdan-kam uchraydigan holat. Ammo pensionerlar soni ham ko‘payib bormoqda, budjetda esa pul unchalik ko‘p emas. Shuning uchun pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, degan fikrlar ko‘payib bormoqda.
Kursiv Uzbekistan ekspertlar bilan birgalikda pensiya tizimi nima uchun o‘zgarishga muhtojligini va qo‘shni davlatlar tajribasidan qanday saboq olish mumkinligini tahlil qildi.
XVJ maslahati
Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze mamlakat tizim barqarorligini saqlab qolish va kelajakdagi iqtisodiy muammolarga tayyor bo‘lish uchun pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishga to‘g‘ri kelishini aytdi. Bu haqda 2025-yil 2-may kuni respublika Markaziy bankida jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
«Pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Lekin avvalo, konsepsiyani tasdiqlash kerak. Yakuniy qaror tanlangan yondashuvga bog‘liq bo‘ladi», – dedi Gvenetadze.
2023-yil aprel oyida Jahon banki bu yildan boshlab O‘zbekistonda pensiya yoshini 65 yoshga to‘lgunga qadar yiliga uch-to‘rt oydan qo‘shib borishni taklif qilgandi.

Bank tahlilchilarining fikricha, bunday qaror mehnatga layoqatli va pensiya yoshi o‘rtasidagi farqni bosqichma-bosqich oshirib, demografik bosimni kamaytirishga yordam beradi.
«Mamlakat uchun buni ishchi kuchining demografik o‘sish salohiyati tugashidan oldin (2040-yillarning o‘rtalari) amalga oshirish juda muhim, chunki bu allaqachon milliy raqobatbardoshlik masalasidir», – deya ta’kidladi Jahon banki mutaxassislari.
Bu haqda «O‘zbekistonda inson kapitali va suv infratuzilmasiga davlat xarajatlari samaradorligini oshirish» hisobotida ham aytiladi.
2024-yil sentabr oyida pensiya islohoti konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Konsepsiya prezident ma’muriyatiga 2025-yil 1-martdan kechiktirmay taqdim etilishi kerak edi. Biroq shu paytgacha respublika ommaviy axborot vositalarida bu haqda xabar berilmagan.
Iqtisodchi Yuliy Yusupovga uchta savol
O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish masalasi davlat budjetiga tushayotgan yukning ortib borishi va demografik o‘zgarishlar tufayli dolzarb bo‘lib qoldi. Iqtisodiy taraqqiyot markazi ilmiy rahbari Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, islohot zarurati allaqachon pishib yetilgan, ammo bu ish uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan.
«Asosiy e’tibor hozircha tizimni to‘liq isloh qilishga emas, faqat pensiya yoshini oshirishga qaratilmoqda», – deydi iqtisodchi.
Nima uchun pensiya yoshini oshirish masalasi ko‘ndalang bo‘lmoqda?
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, muammo shundaki, hozirgi pensiya tizimi bozor iqtisodiyotiga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birga, budjet taqchilligi va davlat qarzi ortib bormoqda, davlat xarajatlari ko‘paymoqda. Bunday vaziyatda hokimiyat tejamkorlik qilish mumkin bo‘lgan joylarni izlaydi.
«Imkoniyatlardan biri – Pensiya jamg‘armasidan xarajatlarni qisqartirish. Ammo shuni ta’kidlaymanki, pensiya yoshini oshirish – bu pensiya islohoti emas, bu shunchaki pensiya yoshini oshirish», – deya ta’kidlaydi Yusupov.
Nafaqa yoshini oshirish xarajatlarni biroz kamaytirishga imkon beradi. Pensiya to‘lovlari kechiktiriladi va ma’lum vaqt budjetga tushadigan yuk kamayadi. Ammo bu barcha muammolarni hal qilmaydi.
«Pensiya yoshining yuqori chegarasi va uni erkaklar hamda ayollar uchun tenglashtirish xalqaro amaliyotga mos keladi, chunki umr ko‘rish davomiyligi o‘sib bormoqda va odamlar katta yoshda ham asosan mehnatga layoqatli bo‘lib qolmoqda», – deya qo‘shimcha qiladi Yusupov.
Haqiqiy pensiya islohoti aslida qanday?
Yuliy Yusupovning fikricha, islohot nafaqa yoshini oshirishni emas, balki tizim qoidalarini o‘zgartirishni nazarda tutadi. Asosiy qadamlardan biri jamg‘arish yondashuvini rivojlantirishdir.
«Jamg‘arma tizimining afzalliklari yaqqol ko‘rinib turibdi. Odamlar o‘z pensiyalarini o‘zlari jamg‘aradilar. Natijada budjetga tushadigan yuk kamayadi, odamlarning o‘z kelajagi uchun mas’uliyati oshadi», – deydi u.
Jamg‘arib boriladigan tizim elementlari O‘zbekiston pensiya tizimida allaqachon mavjud, ammo hozircha cheklangan miqdorda. Tizim to‘liq quvvat bilan ishlashi uchun fond bozorini rivojlantirish kerak.
Shuningdek, pensiya jamg‘armalarini boshqarish uchun sharoitlarni yaxshilash va odamlarga ushbu tizim qanday ishlashini yaxshiroq tushunishga yordam berish lozim.
«Fuqarolarning xabardorligini oshirish va jamg‘arma tizimining samarali ishlashi uchun sharoit yaratish muhim», – deydi Yusupov.
Aholi sonining o‘sishi pensiya tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Qariyalar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, pensiya jamg‘armasiga tushadigan yuk shunchalik katta bo‘ladi. Ekspertlarning fikricha, islohotni hozirdanoq boshlash kerak. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil oxirida 2,85 million o‘zbekistonlik qarilik pensiyasini olgan, umumiy aholi soni esa 34,58 million kishini tashkil etgan.
2025-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,69 million kishini tashkil etdi.
Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning may oyiga qadar respublikada 3,46 millionga yaqin pensioner ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu jami aholining taxminan 9 foizini tashkil etadi.
Asosiy qadamlardan biri – kelajakda tizim barqaror bo‘lishi uchun pensiyalarning jamg‘arib boriladigan qismini kengaytirishdan iborat. Yusupovning aytishicha, O‘zbekistonda nafaqa yoshini shunchaki oshirish kerak emas. Jamg‘arish tizimini rivojlantirish, moliyaviy savodxonlikni yaxshilash va pensiya mablag‘larini investitsiya qilish uchun zarur infratuzilmani yaratishni o‘z ichiga olgan to‘liq islohotni amalga oshirish kerak.
Mavjud pensiya tizimi nimaga samara bermayapti?
Mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbekistonda Sobiq Ittifoqdan qolgan pensiya ta’minoti tizimi amal qilib kelmoqda. Bu taqsimlovchi tizim deb ataladi. Ishlayotgan odamlar soliq to‘laydilar, undan pensiyaga chiqqanlarga nafaqa to‘lanadi.
Boshqa yondashuv ham bor – jamg‘arish tizimi, u rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llaniladi. Unda inson o‘zining bo‘lajak nafaqasiga o‘zi pul yig‘adi. Prinsip oddiy: «Qancha yig‘sang, shuncha olasan». Bu jamg‘armalar shunchaki bekor yotmaydi — ular, masalan, qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilinadi. Bu daromad keltiradi va iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi, chunki investitsiyalar moliya bozorlari orqali turli sohalarga yo‘naltiriladi.
O‘tgan yilning iyul oyida Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston aholisining atigi 38 foizi pensiya tizimi bilan qamrab olingani haqida xabar bergan edi. Sababi ko‘pchilik norasmiy mehnat shartnomasi va soliq to‘lovlarisiz ishlaydi.
Shu bilan birga, pensiya jamg‘armasiga to‘lovlar ancha yuqori – ish haqining 12 foizidan 25 foizigacha. Bu aksariyat mamlakatlarga qaraganda ko‘proq. Lekin shunga qaramay, pensiyalar o‘rtacha miqdorda bo‘lib qolmoqda va yuqori turmush darajasini ta’minlamayapti.
Bugungi kunda O‘zbekistonda eng kam pensiya miqdori 745 ming so‘mni, eng ko‘pi esa 3 million so‘mni tashkil etadi.
Qozog‘iston tajribasi
Qozog‘istonda 1996-yilda pensiya islohoti boshlanishidan oldin erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqishgan. 1998-yilda Qozog‘iston mavjud taqsimot tizimini to‘ldirgan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini joriy etish orqali islohotni boshladi.
Keyinchalik pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga ko‘tarildi. 2018-yildan boshlab ayollarning pensiya yoshini har yili olti oyga bosqichma-bosqich oshirish boshlandi. 2028-yilga borib ayollar ham 63 yoshda pensiyaga chiqadi.
Qozog‘iston Davlat siyosati tadqiqotlari markazi direktori Meruert Maxmutova pensiya islohoti bo‘yicha o‘z mamlakatining tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va O‘zbekistonga tavsiyalar berdi.
Qozog‘istonda uch darajali pensiya tizimi amal qiladi: solidar pensiya (1998-yilgacha bo‘lgan ish staji uchun), majburiy jamg‘arib boriladigan (ish haqining 10 foizi) va bazaviy – yashash minimumi va tizimda ishtirok etishni hisobga olgan holda qat’iy belgilangan to‘lov.
Biroq jamg‘arish modeli muammolarga duch kelmoqda. Bular muntazam bo‘lmagan badallar, yuqori yashirin bandlik, zaif investitsiya va moliyaviy savodxonlikning past darajasidir.
Mahmutovaning fikricha, pensiya islohotlari zarur, ammo hokimiyat ko‘pincha siyosiy sabablarga ko‘ra ularni kechiktiradi.
Ekspertning fikricha, O‘zbekiston uch jihatga e’tibor qaratishi kerak:
Mehnat bozorining shaffofligi. Yashirin bandlikka qarshi kurashish, pensiya jamg‘armasiga ko‘proq odam badal to‘lashi uchun oyliklarni oshirish kerak.
Pensiya pullarini boshqarish. Jamg‘armalar inflyatsiya tufayli qadrsizlanmasligi, balki daromad keltirishi muhim.
Moliyaviy savodxonlik. Odamlarga pensiya tizimi qanday tashkil etilgani va ularning o‘zlari kelajakdagi pensiyaga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tushuntirish kerak.
Islohotlarni shoshilinch amalga oshirish kerak emas, ammo iqtisodiyot va demografiya qanday o‘zgarayotganini hisobga olgan holda ularga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rish kerak, deydi ekspert.
Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida
Qirg‘izistonda 2024-yil 1-iyuldan boshlab mamlakat pensiya tizimidagi o‘zgarishlar kuchga kirdi. Endilikda erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshdan, ayollar uchun 60,5 yoshdan boshlanadi. Pensiya olish uchun ish stajiga ega bo‘lish kerak: erkaklar uchun – 25 yil, ayollar uchun – 20 yil. 2027-yilga borib barcha uchun bir xil – 63 yoshda pensiya yoshini belgilash rejalashtirilmoqda.
Tojikistonda pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshni, ayollar uchun 58 yoshni tashkil etadi. 2021-yilda Ijtimoiy sug‘urta va pensiya agentligi pensiyaga chiqish yoshini erkaklar uchun 65 yoshga, ayollar uchun 60 yoshga ko‘tarishni taklif qilgandi. Biroq ko‘plab davlat idoralari, jumladan, Mehnat, migratsiya va bandlik vazirligi bunday o‘zgarishlarga qarshi chiqdi.
Turkmanistonda 2012-yildan buyon shartli jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi amal qilmoqda. Yoshga doir pensiyani 62 yoshga to‘lgan erkaklar, 57 yoshga to‘lgan ayollar olishlari mumkin. Shuningdek, uch va undan ortiq farzandi yoki bolalikdan nogiron farzandi bor ayollar ham pensiya olish huquqiga ega.