
Prezident topshirig‘iga muvofiq ma’muriy jazolar tizimiga yangi – «ma’muriy ogohlantirish» ta’sir chorasi joriy etilishi nazarda tutilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi, deya yozmoqda davlat rahbari matbuot kotibi.
Loyihaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ayrim yengil turdagi huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan fuqarolarga DYP inspektori tomonidan ogohlantirish beriladi. Ogohlantirish bir yil davomida faqat bir marotaba qo‘llanilishi mumkin.
Bugungi kunda ayrim temir yo‘l kesishmalarida haftalar yoki kunlar davomida vagonlar harakatlanmasa-da, haydovchilar «To‘xtash» belgisi oldida majburiy to‘xtab, uzun tirbandliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan avtomobil yo‘llaridan o‘tuvchi ayrim temir yo‘l kesishmalaridagi «Stop» belgilarini boshqariluvchi svetoforlarga almashtirish belgilandi. Bu esa tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2025-yil yakuniga qadar chorraha va yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijalariga ko‘ra, belgilangan tartibga rioya etilmasdan o‘rnatilgan, texnik va standart talablariga javob bermaydigan uskunalar demontaj qilinadi.
Bundan tashqari, tezlikni oshirish holatlari tez-tez kuzatiladigan hududlarda avtomashinalarning ayni vaqtdagi tezligini ko‘rsatib ogohlantiruvchi elektron tablolarning o‘rnatilishi belgilandi. Tadbirkorlar tomonidan maxsus texnika vositalaridan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash va turli suiiste’molliklarning oldini olish choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyundan yo‘l chiziqni bosganlik uchun avtomatik jarima yozilmasligi haqida xabar bergan edik.