Avto

Kia kompaniyasi yangi Kia K4 avlodini taqdim etadi

Kia
Kia Ceed modelini ishlab chiqarishni to‘xtatish evaziga
Kia kompaniyasi yangi Kia K4 avlodini taqdim etadi / Foto: Kia

Kia kompaniyasi Kia Ceed modelini ishlab chiqarishni to‘xtatib, uning o‘rniga yangi avlod avtomobili — Kia K4 ni taqdim etmoqda. Bu haqda Motor nashri xabar berdi.

Fransiyaning Largus nashriga ko‘ra, Yevropa bozoriga mo‘ljallangan Kia K4 versiyasi texnik jihatdan AQShdagi modeldan ancha farq qiladi.

Yevropada 1,0 litrli, 3 silindrli turbo dvigatel (100 ot kuchi) bilan taqdim etiladi. U mexanik uzatmalar qutisi yoki 7 pog‘onali robot quti bilan jihozlanadi. 1,5 litrli, 140 ot kuchiga ega turbo dvigatel ham mavjud bo‘ladi. Bu motorlar 48 voltli «yumshoq» gibrid tizim bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Foto: Kia

Yuqori toifadagi variant sifatida 141 ot kuchiga ega «plug-in» gibrid versiya ham taklif qilinadi. U 1,6 litrli benzinli motor, elektromotor va 6 pog‘onali robot quti asosida ishlaydi.

To‘liq elektrli model hozircha rejalashtirilmagan. 1,6 litrli dizel CRDi motor (136 ot kuchi)ning taqdiri esa noma’lumligicha qolmoqda. Ayni paytda ko‘plab avtomobil ishlab chiqaruvchilar dizel dvigatellardan voz kechmoqda.

Foto: Kia

Kia Ceed’ning model konfiguratori yopilgan. Ceed va XCeed ishlab chiqarilishi ham to‘xtatilmoqda. ProCeed universal esa allaqachon ishlab chiqaruvdan olinib, ombor zaxiralari 2025-yil oxirigacha yetadi.

2026-yildan boshlab Kia Yevropadagi rasmiy saytlarida K4 modeliga asoslangan qisqargan model qatori bilan faoliyatini davom ettiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kia Carens va Clavis krossoverlarini taqdim etishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.