
17-may kuni, tushdan keyin Toshkent shahrida kuchli shamol bilan birga chang bo‘roni yuzaga keldi. Hodisa shaharliklarni bezovta qilib, u ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Batir Xalmuratov o‘z fikrini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, hodisa salqin shimoliy va issiq janubiy havo massalarining to‘qnashuvi, bosim o‘zgarishi va shamolning keskin kuchayishi oqibatida yuzaga kelgan. Bu «frontal to‘qnashuv» deb ataluvchi meteorologik holatni keltirib chiqargan.
Ayrim hududlarda shamol tezligi 20 m/s dan oshgan. Shamol qurigan yer maydonlaridan changni ko‘tarib, havo muhitiga tarqatgan. Natijada ko‘rish masofasi qisqargan, nafas olish qiyinlashgan.
Hodisa shuningdek chaqmoq, bulutli osmon va qisqa muddatli yog‘ingarchilik bilan birga kechgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kuchli shamol natijasida 19 mingga yaqin aholi «svetsiz» qolgani haqida xabar bergandi.