Yangiliklar

82 yoshli Jo Baydenga saraton tashxisi qo‘yildi

Kasallik xavfli va og‘ir shaklda baholandi
82 yoshli Jo Baydenga saraton tashxisi qo‘yildi / Foto: RBK

Sobiq AQSh prezidenti Jo Baydenga agressiv prostata saratoni tashxisi qo‘yildi. Urologik tekshiruvlar natijasida shifokorlar saraton suyaklarga tarqalganini aniqlashdi, deya xabar bermoqda Reuters.

Unga ko‘ra, Bayden 82 yoshda bo‘lib, hozirda davolanish usullarini shifokorlari bilan muhokama qilmoqda. Tashxis Gleason ballari bo‘yicha 9 darajada baholangan – bu eng xavfli va og‘ir shakl hisoblanadi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, saraton gormonga sezgir bo‘lgani sababli, bu kasallikni davolashda zamonaviy gormonal va kimyoviy muolajalar samarali bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar bemor uzoq va sifatli umr ko‘rishi uchun imkoniyatlar borligini aytishmoqda.

Jo Bayden uchun bu kasallik shaxsiy ahamiyatga ega, chunki uning o‘g‘li Bo Bayden 2015-yilda miya saratonidan vafot etgan edi. Prezidentlik davrida Bayden «Saratonni yengish bo‘yicha tezkor harakatlar dasturi»ni ishga tushirgan va saraton kasalligiga qarshi kurashga katta e’tibor qaratgan.

Sobiq prezidentga Donald Tramp, vitse-prezident Kamala Harris, shuningdek, Barak Obama va Hillari Klinton tezroq sog‘ayishini tilab, hamdardlik bildirishdi. Hozirda Bayden Vilmingtondagi uyida davolanish uchun tibbiy maslahatlar olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Baydenning nutqi qancha narxga baholangani haqida yozgan edik.