Yangiliklar

Ikki nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan ushlandi

$20 ming va $24 ming miqdorida
Davlat xavfsizlik xizmati, pora
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati Telegram kanali

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatida ikki nafar ichki ishlar xodimi pora bilan ushlangani haqida xabar berdi.

Birinchi holatda viloyat IIB xodimi sobiq ichki ishlar xodimiga sudyalar orqali yengilroq jazo olishida yordam berishni va’da qilgan. Buning evaziga uning yaqinlaridan $20 ming pora talab qilib, 2025-yil 16-may kuni bu pulni olgan paytda ushlangan.

Ikkinchi holatda esa 2025-yil 17-may kuni Yangiyo‘l tumani IIB xodimi sakkiz yil besh oyga hukm qilingan mahkumning jazosini kamaytirib berishni va’da qilib, uning tanishidan $24 ming pora olayotgan vaqtida ushlangan. Uning yonidan advokatlik va hakamlik sudi sudyasi guvohnomalari hamda IIVning lavozimga tayinlash buyrug‘i nusxasi topilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu xodim 2014-yilgacha ichki ishlar idorasida, 2022-yildan advokatlik sohasida ishlagan. 2025-yil aprel oyidan esa ichki ishlar tizimiga qayta ishga qabul qilingan. Ammo ish boshlaganiga ikki oy ham bo‘lmay korrupsiyaga qo‘l urgan.

Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi ikkala holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bormoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri elektromobillarni quvvatlash stansiyasini o‘rnatish uchun pora talab qilgan mas’ullar hibsga olingani haqida yozgan edi.