Maktab o‘quvchilariga ofitsiant va yuk tashuvchi sifatida ishlashga ruxsat berilishi mumkin

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi maktab o‘quvchilari va kollej talabalari uchun mehnat faoliyati tartibini belgilovchi qaror loyihasini taqdim etdi. Hujjat bo‘yicha muhokamalar 23-maygacha davom etadi.
Mazkur hujjat o‘quvchilarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida rasman ishlash imkonini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan — bunda mehnat faoliyati ta’lim jarayoniga halal bermasligi, shuningdek, sog‘lig‘i va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.
Loyihada voyaga yetmaganlar uchun ruxsat etilgan 40 ta kasb ro‘yxati keltirildi. Ushbu ro‘yxatga qadoqlovchi, barista, ofitsiant, sotuvchi, idish-tovoq yuvuvchi, yuk tashuvchi, mozaika ustasi, yog‘och o‘ymakori, sartarosh, soatsoz va boshqa kasblar kiritilgan.
15–16 yoshdagi o‘smirlarni ishga qabul qilish faqat ota-onalardan biri yoki vasiy tomonidan yozma rozilik taqdim etilgandagina mumkin bo‘ladi. Ularni ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatish esa faqat tegishli vazirlik ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Ish boshlashdan avval o‘smirlar mehnat xavfsizligi bo‘yicha o‘qitilishi va bilim darajasi tekshirilishi shart. Undan o‘tmaganlarga ishlashga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, loyiha mehnat kunining va haftasining davomiyligi, og‘ir yuk ko‘tarish shartlari, ta’til muddati va ish haqi to‘lanish tartibi kabi normalarni ham belgilab beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari tomonidan «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturini boshlash va «Garvardchilar maktabi»ni ochish bo‘yicha farmonni imzolagan edi.