
Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasining aprel oyida o‘tkazilgan 8 ta yig‘ilishida jami 45 ta masala ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Bu haqda regulyator xabar berdi.
Unga ko‘ra, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha to‘rtta, yangi mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazishda beshta, ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish va auditorlik malaka sertifikatini berishda bittadan, Kuzatuv kengashi, boshqaruv a’zolari va muhim xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish haqida 15 ta masala muhokama qilindi.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy ahvoli, prudensial me’yorlarga rioya qilinishi va inspeksiya natijalari asosida 19 ta masala ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, ustav kapitali va tashkiliy-huquqiy shakl bo‘yicha talablarga rioya qilinmagani uchun bitta to‘lov tizimi operatori va uchta to‘lov tashkilotiga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi bo‘yicha ogohlantirish berildi.
Jismoniy shaxslarga hisobvaraqlar ochish tartibining buzilishi va boshqa holatlar sababli oltita bank, uchta lombard va ikkita mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘rtta tur kompaniya litsenziyasiz reklama bergani uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.