O‘zbekistonda 2030-yilgacha ekologik madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi

Shavkat Mirziyoyev tomonidan «2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi» tasdiqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hujjatda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 3,3 mln nafar tarbiyalanuvchi, umumiy o‘rta ta’limda esa 4,2 mln o‘quvchiga ekologik tarbiya berish asosiy maqsad qilib belgilangan.
Konsepsiya doirasida 2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta maxsus «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi. Shuningdek, davlat xizmatchilari uchun bepul ekologik kurslar, talabalar ishtirokida ekochempionatlar va ko‘plab tashviqot tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Orxus konvensiyasiga qo‘shilganligi munosabati bilan 2025-yil 1-dekabrdan boshlab atrof-muhit monitoringiga oid ochiq ma’lumotlar bazasi jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu bazada daraxt ekish, chiqindilarni qayta ishlash, qonun buzilish holatlari va boshqa muhim ekologik ma’lumotlar joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan O‘rmonzorlash va O‘rmon tiklash dekadasi rezolyutsiyasini qabul qilgan edi.