Sport

O‘zbekistonlik merganlar 15 davlat orasida birinchi o‘rinni egalladi

15 ta davlatdan 48 ta jamoa ishtirok etdi
Merganlar
Foto: Mudofaa vazirligi

Shu yilning 5 – 16-may kunlari Turkiyaning Isparta shahrida bo‘lib o‘tgan V Xalqaro «Eng ilgʻor merganlar jamoasi» musobaqasida O‘zbekiston jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti malum qildi.

Jami 15 davlatdan 48 ta jamoa qatnashgan xalqaro musobaqa «Komando» togʻ-oʻquv mashg‘ulot markazida tashkil qilindi. Unda Turkiya, O‘zbekiston, Pokiston, Qatar, Ozarbayjon, Italiya, BAA kabi qator davlatlar, shuningdek, kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar – Qozog‘iston, Turkmaniston, Buyuk Britaniya va Kuvayt jamoalari ishtirok etdi.

Harbiylar «Gazniqobda jangovar otish», «Vertolyotdan nishonga olish», «Tunda noma’lum masofadagi nishonlarni yakson etish», «Murakkab holatlarda yuqori aniqlikda otish» kabi 15 ga yaqin murakkab topshiriqlar bo‘yicha bellashdi.

Musobaqa yakunida o‘zbekistonlik merganlar oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ushbu musobaqada ketma-ket to‘rtinchi marotaba ishtirok etmoqda. 2022–2023-yillarda ikkinchi o‘rinni, 2024–2025-yillarda esa birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Rossiya 2026 – 2030-yillar uchun harbiy-strategik dasturini amalga oshirishi haqida yozgan edi.