
Joriy yilning 30-iyunidan boshlab, vizasiz tartibda Rossiyaga kirayotgan xorijliklar uchun yangi tartib joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi ma’lum qildi.
Endilikda chet elliklarga «Gosuslugi RuID» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, QR-kod olishlari majburiy bo‘ladi.
Ro‘yxatdan o‘tish davomida shaxsiy kabinet ochib, fotosurat va shaxsiy ma’lumotlarni yuklash kerak. Rossiyada qolish muddati ham ko‘rsatilishi shart.
Ariza sayohatdan kamida 72 soat avval topshirilishi lozim. Biroq kutilmagan holatlar, masalan, og‘ir kasallik yoki yaqin qarindoshning vafoti tufayli safarga chiqish zarurati tug‘ilgan bo‘lsa, arizani safarga to‘rt soat qolganda ham topshirish mumkin.
Quyidagi shaxslar ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod etiladi:
- Belarus fuqarolari;
- olti yoshgacha bo‘lgan bolalar;
- vizaga ega yoki Rossiyada vaqtincha yoki doimiy yashash huquqiga ega shaxslar.
Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ro‘yxatdan o‘tish arizasini ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari topshiradi. Bunda ushbu vakillarning ham shaxsiy QR-kodga ega bo‘lishi talab qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaga kirishda migrantlardan OIV infeksiyasi yo‘qligi haqida guvohnoma talab qilinishi haqida yozgandi.