Yangiliklar

Sanoat o‘smoqda, qurilish esa to‘xtab qolgan – ITIM biznes muhitini baholadi

Joriy yilning aprel oyiga ko‘ra
Foto: Pressmaster / Depositphotos.com

Aprel oyida O‘zbekistondagi umumiy biznes muhitini ifodalovchi ko‘rsatkich 57 birlikni tashkil etdi va o‘tgan yil apreliga nisbatan sakkiz punktga oshdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan nashriga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) xabar berdi.

O‘zbekistonlik tadbirkorlarning 38 foizi so‘nggi uch oy ichida biznes holati yaxshilanganini ma’lum qilgan. Sanoat va xizmatlar sohalari faol o‘sishni namoyon qilmoqda, qishloq xo‘jaligi barqarorlikni saqlab turibdi, biroq qurilishda to‘xtab qolish (stagnatsiya) kuzatilgan.

Respondentlarning 26 foizi ishchi-xodimlar sonining oshganini ma’lum qilgan. Tadbirkorlarning 78 foizi kelajakka umid bog‘lagan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 5 foiz yuqori.

Optimistlarning eng katta ulushi sanoat sohasida – 83 foiz respondent vaziyat yaxshilanishini kutmoqda. O‘z biznesining holatini ijobiy baholaganlar soni ortgan. Shuningdek, sanoatchilar elektr, gaz va soliq boshqaruvi bilan bog‘liq muammolar haqida ancha kam shikoyat qilgan.

Xizmatlar sohasida optimistlar ulushi 76 foizga yetgan. Aprel oyida respondentlarning 43 foizi talabning sezilarli darajada oshganini qayd etgan. Ushbu soha tadbirkorlari moliyalashtirish va yuqori soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolarni avvalgiga qaraganda kamroq tilga olishgan.

Qishloq xo‘jaligi sohasida biznes holatining yaxshilanishini 79 foiz tadbirkor kutmoqda. Biroq ular moliyalashtirish va yer xarid qilishdagi muammolarning ortganini ta’kidlagan.

Faqat 19 foiz tadbirkorgina qurilish biznesida vaziyatning yaxshilanganini bildirgan. Bu barcha sohalar ichidagi eng past ko‘rsatkichdir. Sohada moliyalashtirish va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida jonlanish kuzatilgan edi.