Yangiliklar

Tadbirkorlarga markirovkalashdagi ayrim xarajatlarga ikki yillik soliq imtiyorlari berildi

Prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra
Foto: Tsyhund / depositphotos.com

16-may kuni prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, tadbirkorlar va ayrim sohalarda faoliyat yurituvchilar uchun 2030-yilgacha soliq imtiyozlari beriladi.

Unga ko‘ra, 2027-yilgacha markirovkani o‘qish qurilmalari xarajatlari bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va YTTlar uchun JShODS summasi kamaytiriladi.

Bu imtiyoz chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga taqdim etilib, bitta uskuna uchun eng ko‘pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari (1,5 mln so‘m) miqdorida qo‘llanadi.

Shuningdek, 2030-yilgacha parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar yuridik shaxslar yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Imtiyoz faqat yer uchastkasi belgilangan maqsadda ishlatilgan taqdirda amal qiladi.

Endilikda pivo, pivo ichimliklari va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish uchun maxsus yig‘im joriy etiladi. Vakolatli organ tomonidan tasdiqnomaga ega yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq to‘lovchisi hisoblanadi.

Ushbu faoliyat soliq organlarini oldindan xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, 2027-yilgacha Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar oromgohlari ijaradan olinadigan daromadlar uchun foyda solig‘i va ijaraga berilgan bino hamda yerlar uchun mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan markirovkalash tizimi ustidan nazorat kuchaytirilgani haqida yozgandi.