
Markaziy bankning e’lon qilingan 2025-yil 1-chorak uchun pul-kredit siyosati sharhida qayd etilishicha, aholining daromadlaridagi o‘sish sur’ati sezilarli darajada transchegaraviy pul o‘tkazmalariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Sharhga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – mart oylarida jismoniy shaxslar tomonidan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi $3,3 mlrdni tashkil etdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga ko‘pdir. 2024-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich $2,5 mlrd edi.
Infografikaga ko‘ra, 2025-yil boshida (yanvar – mart) har bir oyda pul o‘tkazmalari $1 mlrddan oshgan, mart oyida esa bu ko‘rsatkich $1,2 mlrdga yetgan.

Markaziy bank bunday yuqori o‘sishni asosiy savdo hamkorlarning valyutalari (ayniqsa rubl – Kursiv) mustahkamlanishi va xorijda yuqori ish haqi taklif etilayotgan mamlakatlarga mehnat migrantlari oqimining ko‘payishi bilan izohlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Britaniya, Koreya va Polshadan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari jadal sur’atlarda o‘sayotgani haqida xabar bergan edi.