Birjada shartli sotiladigan mahsulotlar soni 11 taga ko‘paydi

Faqat birja savdolari orqali sotilishi shart bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati 11 taga kengaytiriladi. Yangi tartib 2025-yil 15-iyuldan kuchga kiradi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, quyidagi mahsulotlar faqat ichki bozorda birja savdolari orqali sotiladi:
- xlorid kislotasi;
- nitrat kislotasi;
- natriy sianid;
- gipoxlorit natriy;
- suyuqlangan azot;
- suyuqlangan xlor;
- rux belilasi;
- ferromolibden;
- bazalt;
- fosforit;
- dolomit uni.
Bu tartib davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar (yoki ular tasarrufidagi kompaniyalar) ishlab chiqargan mahsulotlarga tatbiq etiladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda 45 dan ortiq yuqori likvidli va monopol mahsulotlar faqat birja savdolari orqali sotilmoqda. Bu tizim raqobat muhitini ta’minlash, sun’iy narxlarni pasaytirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida e’tirof etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Toshkent» respublika fond birjasi birinchi chorakni rekord natija bilan yakunlagani haqida yozgandi.