
O‘zbekistonda «ERP madaniyat» yagona boshqaruv tizimi orqali yaratilayotgan platformada san’atkorlar xizmat narxlarini bilib olish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi raqamlashtirish va axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig’i Jasurbek Shermuhammedov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
«Tender savdolari may oyida bo‘lib o‘tdi. Reja bo‘yicha platforma bosqichma-bosqich shu yilning avgust oyidan boshlab taqdim etiladi. Dastlab ma’lumotlar tizimi joriy qilinadi», – deydi vazirlik xodimi.
Ma’lum qilinishicha, aholiga taqdim etiladigan portal madaniyat.uz domenida yaratiladi va barcha uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.
«Aholi uchun qiziq bo‘lgan va talab bor bo‘lgan tizim bu platformada ham qo‘shiladi. San’atkorlar va boshqa san’at vakillarining xizmat turlari va narxlari bilan bemalol tanishib, saytda qoldirgan telefon ma’lumotlari orqali bog‘lana olishadi», – dedi Jasurbek Shermuhammedov.
Bu platformaga san’at vakillari ixtiyoriy ravishda jalb etilishi qo‘shimcha qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14,9 mlrd so‘mlik bitim asosida «ERP madaniyat» tizimi yaratilishi haqida xabar bergan edi.