
Xitoyning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchisi Geely o‘zining Galaxy brendi ostidagi yangi flagman modeli — Galaxy M9 modelini taqdim etish arafasida. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Ushbu 6 o‘rinli krossover plug-in gibrid (PHEV) tizimiga ega bo‘lib, 2025-yil oxirigacha Xitoy bozorida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Dizayn va tashqi ko‘rinish

Galaxy M9 dizayni zamonaviy va sport uslubida bo‘lib, old qismi yopiq panjara, xromli emblema va LED chiroqlar bilan jihozlangan. Yon tomonlarida yashirin eshik tutqichlari va tomda LiDAR sensori mavjud. Orqa qismida esa LED orqa chiroqlar, tom spoyleri va xromli egzoz trubkasi imitatsiyasi ko‘zga tashlanadi. Ushbu modelda mustaqil orqa osma tizimi mavjud.
Ichki makon va texnologiyalar

Salonida joylashgan premium o‘rindiqlari yuqori darajadagi qulaylikni ta’minlaydi. Galaxy M9 Geely’ning G-Pilot haydovchiga yordam beruvchi tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, L2+ darajadagi avtonom haydash imkoniyatini taqdim etadi.

Galaxy M9 Geely’ning GEA (Global Intelligent New Energy Architecture) platformasida qurilgan bo‘lib, Leishen 2.0 (NordThor 2.0) plug-in gibrid tizimi bilan jihozlangan. Bu tizim 1.5 litrli turbo dvigatel va 11-in-1 elektr uzatma blokidan iborat.

Galaxy M9 ning Xitoydagi boshlang‘ich narxi 200,000 yuandan (taxminan $27,7 ming) boshlanadi va 300,000 yuangacha ($41,6 ming) yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lynk & Co 09 EM-P Max Long-Range avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.