Nima uchun go‘sht narxi qimmatladi

Go‘sht narxining oshishiga qo‘shni davlatlarning eksportga qo‘ygan vaqtinchalik cheklovlari sabab bo‘lgan. Bu haqda Markaziy bank pul-kredit siyosatiga bag‘ishlangan hisobotida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Qozog‘iston o‘tgan yilning 14-sentabrdan shu yilning 14-martgacha qoramol va mayda shoxli hayvonlarning eksportini cheklagandi. Bu cheklov 9-apreldan boshlab yana 6 oyga uzaytirildi.
Qirg‘iziston esa shu yilning 31-yanvaridan boshlab qoramol, mayda shoxli hayvonlar va otlarning uchinchi davlatlarga eksportini vaqtincha to‘xtatgan.
Birinchi uch oyda O‘zbekiston go‘sht va go‘sht mahsulotlari importini 65,1% ga oshirib, $138,1 mlnga yetkazdi. Mart oyida go‘sht mahsulotlari narxi 6,1% ga, yillik hisobda esa 21,6% ga oshdi. Aprelda esa mol go‘shti (filedan tashqari) 1,84%, qo‘y go‘shti 1,83% ga qimmatladi.
Markaziy bank eksportdagi cheklovlar tufayli bozorda go‘sht taklifi kamaygani va import narxlari oshgani narxlarning ichki bozorda o‘sishiga olib kelganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaysi hududda palov tayyorlash qimmatga tushishi haqida yozgandi.