
Otto Aviation o‘zining Phantom 3500 deb nomlangan biznes-jetini ilk bor jamoatchilikka taqdim etdi. Bu haqda Avia News nashri ma’lum qildi.
Ushbu samolyot mavjud samolyotlarga qaraganda 50 foizgacha kamroq yoqilg‘i sarflashga qodirligi bilan ham ajralib turadi. Model 2027-yil boshida ilk sinov parvozini amalga oshirishi rejalashtirilgan.
«Superlaminar» oqim – tejamkorlikning kaliti
Phantom 3500’ning asosiy ustunligi uning noyob aerodinamik konstruksiyasidadir. Kompaniya «superlaminar» oqim konsepsiyasiga asoslangan dizayn ishlab chiqdi. Bu uchun fyuzelyaj va qanotlar shakli tubdan qayta ko‘rib chiqilgan, silliq yuzalarni saqlash maqsadida hattoki illyuminatorlardan ham voz kechilgan. Natijada samolyot havo qarshiligini keskin kamaytirgan va energiya samaradorligini oshirgan.

Yengil vazn, yuqori texnologiyalar
Samolyotning maksimal uchish og‘irligi 8 618 kg bo‘lib, bu uni raqobatchilaridan yengilroq qiladi. Phantom 3500 Williams FJ44 turbindan foydalanuvchi dvigatellar bilan jihozlanadi – bu yoqilg‘i sarfini kamaytiradi va texnik xizmatni soddalashtiradi. Model tovush tezligiga yaqin – trans-sonik tezlikda harakatlana oladi, bu esa uni amaliy va tezkor korporativ parvozlar uchun ideal qiladi.

Celera 500L loyihasidan tajriba olingan
Phantom 3500 Otto Aviation’ning ilgari taqdim etgan va ko‘plab sinovlardan o‘tgan Celera 500L samolyoti asosida ishlab chiqilmoqda. Bu eksperimental model 59% gacha aerodinamik qarshilikni kamaytirishga erishgan, 8300 km masofani bosib o‘tgan va har bir kilometrga atigi 4-5 litr yoqilg‘i sarflagan. Otto Aviation ushbu tajribani yangi Phantom 3500’da to‘liq qo‘llashga bel bog‘lagan.
Sertifikatlash va seriyali ishlab chiqarish rejalari
Kompaniya 2027-yilgacha to‘rtta Phantom 3500 namunasini seriyali standart asosida yig‘ishni rejalashtirmoqda. Bu esa sertifikatlash jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi – ikki yarim yilgacha qisqartiriladi.
Otto Aviation Phantom 3500’ni Challenger 3500 va Praetor 500 kabi samolyotlarga muqobil sifatida taklif etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AirCar 2 uchar avtomobil taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.