
Markaziy bankning 2025-yil 1-choragi uchun tayyorlangan pul-kredit siyosati sharhida qayd etilishicha, mamlakatda yangi avtomobillar narxi oshishda davom etadi, ikkilamchi bozorda esa narxlar yanada pasayadi.
2024-yil martiga nisbatan 2025-yil boshidan beri ikkilamchi bozorda yangi avtomobillar narxi so‘mda 4,7 foizga, dollarda esa 1,6 foizga oshgan. Narxlarning oshishiga talabning yuqoriligi va import hajmining, ayniqsa, elektromobillar importining kamaygani sabab bo‘lgan. Bu esa tartibga soluvchi chora-tadbirlarning kuchaytirilgani bilan izohlanmoqda.
2025-yilning yanvar – mart oylarida avtomobil importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 69 foizga kamaydi.
Boshqa tomondan, foydalanilgan avtomobillar narxi barqaror ravishda tushib bormoqda. Markaziy bankning qayd etishicha, aholining yangi avtomobillarga ko‘proq ustuvorlik berayotgani bunga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, avtomobillarning sifati, kafolat mavjudligi va yoqilg‘i tejamkorligi ham ta’sir ko‘rsatmay qolmagan. Eski avtomobillarning investitsion jozibadorligi pasaygan bo‘lsa, xaridorlar orasida kutish kayfiyati kuchaygan.
Markaziy bank bu tendensiyalar yaqin vaqt ichida ham saqlanib qolishini kutmoqda. Import hajmining qisqarishi va taklifning cheklangani fonida yangi avtomobillar narxi oshishda davom etadi, ishlatilgan avtomobillarga esa talab sust bo‘lib qolishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi umumiy biznes muhitini ifodalovchi ko‘rsatkichlar qandayligi haqida yozgan edik.