Pfizer va 3SBio hamkorlikda saratonga qarshi yangi preparat ishlab chiqaradi

Pfizer va Xitoyning 3SBio kompaniyasi saraton kasalligiga qarshi yangi preparat – SSGJ-707 ni ishlab chiqish va global bozorga chiqarish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi. Bu haqda Investing nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu dori ikki maqsadga yo‘naltirilgan bispesifik antitana bo‘lib, PD-1 va VEGF ga qarshi qo‘llaniladi. Hozirda u Xitoyda o‘pka, ichak va ayollar saratoni turlarini davolash uchun klinik sinovdan o‘tmoqda.
Shartnoma Pfizerga Xitoy tashqarisida ushbu preparatni tijoratlashtirish huquqini beradi, Xitoy ichida esa kompaniyaga opsion (tanlov huquqi) taqdim etiladi. 3SBio kompaniyasiga dastlabki to‘lov sifatida $1,25 mlrd ajratiladi. Shuningdek, ma’lum bosqichlarga erishilganda qo‘shimcha to‘lovlar $4,8 mlrdgacha yetishi mumkin.
Kompaniya, shuningdek, 3SBio aksiyalariga $100 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bitimning yakunlanishi regulyatorlar va aksiyadorlarning roziligi asosida 2025-yilning uchinchi choragida kutilmoqda.
Preparat ishlab chiqarish Pfizerning AQShdagi zavodlarida amalga oshiriladi, shu bilan birga 3SBio 2025-yilda Xitoyda preparatning 3-bosqich klinik tadqiqotlarini boshlashni ham rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy olimlari fazoviy stansiyasida yangi bakteriya kashf etgan edi.