
Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuvi bo‘yicha memorandum ustida ish boshlashga tayyor. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat mojaroni hal qilish tamoyillari, kelishuvni imzolash muddati, tomonlar kelishuvga erishgan taqdirda, ma’lum muddatga o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyati kabi muhim masalalarni o‘z ichiga oladi.
Prezident Tramp bilan suhbat ikki soatdan ortiq davom etganini qayd etdi.
Putin Trampga Rossiya va Ukraina o‘rtasida 2022-yilda to‘xtatilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlash g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. U Istanbuldagi avvalgi muzokaralar ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalar allaqachon tiklanganini, bu esa taraqqiyotga umid bag‘ishlayotganini qo‘shimcha qildi.
«Shu bilan birga, shuni ta’kidlashni istardimki, umuman olganda, Rossiyaning pozitsiyasi aniq. Biz uchun asosiysi – bu inqirozning asl sabablarini bartaraf etish», – deya ta’kidladi Rossiya davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Putin Mirziyoyevni G‘alabaning 80 yilligi bilan tabriklagani haqida yozgan edi.