TBC Bank sun’iy intellektga asoslangan bank xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi

eʼlon qilindi
SI sotish jarayonida allaqachon qo‘llanila boshlandi
TBC Bank sun’iy intellekt yordamida mijozlarga xizmat ko‘rsata boshladi / Foto: TBC Bank

TBC Uzbekistan raqamli bank ekotizimi sun’iy intellekt asosidagi texnologiyalar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Bu haqda bank vakili Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.

2024-yilda bank o‘zbek tiliga mos nutqni tanish va sintez qilish texnologiyalarini ishlab chiqib, ularni qo‘ng‘iroqlarda ovozli SI-agent sifatida joriy etdi. Bu agentlar yuklamaga qarab avtomatik ravishda ishga tushadi yoki to‘xtaydi, mijozlar esa ularni ko‘pincha inson deb o‘ylashadi.

2025-yil boshida TBC ikki tilli katta til modelini ishlab chiqdi va mahsulotlarni sotish jarayonida muvaffaqiyatli qo‘llay boshladi. Model mijozlar so‘rovlarini tushunib, aniq va tezkor javoblar beradi. Bu esa savdolar hajmining sezilarli o‘sishiga olib keldi, reklama xarajatlarisiz mijozlar sonini oshirdi.

TBC Uzbekistan SI-agentlarni barcha muloqot kanallarida joriy etishni va yangi avlod SI-assistentini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu sun’iy intellektga asoslangan yechimlar bank samaradorligini oshirib, xizmatlarni yanada shaxsiylashtirish va aqlli boshqaruvga zamin yaratmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yilning birinchi choragida TBC Uzbekistan’ning daromadi 113 foizga o‘sgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek