Uzum Market sotuvchilari buyurtmalarni o‘zlari yetkazib berishi mumkin bo‘ladi

Uzum Market’da 2-iyundan boshlab DBS (Delivered by Seller) deb nomlangan yangi model joriy qilinadi. Bu orqali sotuvchilar mahsulotlarini o‘z omborlarida saqlab, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridorga yetkazib bera oladi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.
Endilikda Uzum Market faqat onlayn vitrina va marketing vositalarini taqdim etadi, qolgan jarayon buyurtmani qadoqlash, saqlash va yetkazish – sotuvchi zimmasiga yuklanadi.
DBS modeli bilan sotuvchilar yetkazib berish hududlari va muddatlarini o‘zlari belgilashadi. Logistik xizmatlar uchun to‘lov olinmaydi, faqat mahsulot sotuvi uchun komissiya belgilanadi.
Shuningdek, katta o‘lchamli, alohida sharoitda saqlanishi yoki yetkazilishi kerak bo‘lgan mahsulotlar (masalan, qurilish materiallari, avtomobil akkumulyatorlari, qimmatbaho taqinchoqlar va boshqalar) platformada sotuvga qo‘yilishi mumkin.
Bu imkoniyat kichik oilaviy brendlar, yirik chakana sotuvchilar va turli segmentdagi tadbirkorlar uchun yengillik yaratadi.
«DBS modeli — platformamiz rivojidagi mantiqiy qadam. Ko‘plab tadbirkorlarning qiziqarli mahsulotlari bor, biroq logistika muammolari tufayli ularni bozorda ilgari surish mushkul edi. Biz elita brendlardan tortib, kichik oilaviy brendlargacha har bir sotuvchi o‘z o‘rnini topadigan marketing maydonini yaratmoqdamiz», – dedi Uzum Market bosh direktor o‘rinbosari Akmal Rahimov.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda 15 mingdan ortiq tadbirkor va kompaniya Uzum Market orqali butun mamlakat bo‘ylab mahsulotlarini xaridorlarga yetkazib bermoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum Market kontrafakt mahsulotlar savdosi bo‘yicha munosabat bildirgani haqida yozgandi.