
«Xavfsiz lift» yagona idoralararo platformasi orqali respublikadagi barcha ko‘p qavatli uy-joylarning liftlari real vaqt rejimida kuzatib boriladi. Platformada liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning reyestri yuritiladi, deya xabar bermoqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi.
Mazkur reyestrga tashkilotning lift o‘rnatish va ta’mirlash faoliyati uchun ruxsatnomasi bor-yo‘qligi, uning amal qilish muddati hamda ushbu sohada ishlovchi mutaxassislar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 5 491 ta ko‘p kvartirali uydagi 13 798 ta lift xatlovdan o‘tkazildi. Natijada muddati o‘tgan 2 001 ta liftni yangilash va 382 tasini ta’mirlash lozimligi aniqlandi. Buning uchun mahalliy budjetdan 854,6 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.
Ushbu chora-tadbirlar liftlarning texnik holatini yaxshilash, avariyalarni oldini olish va aholiga xavfsiz sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilning ilk uch oyida aholiga salkam 400 milliard so‘m subsidiya ajratilgani haqida yozgan edik.