
Ayrim veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Cobalt Midnight avtomobilini navbatsiz sotib olish mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Kursiv Uzbekistan nashri «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
Cobalt Midnight’ni navbatsiz, hisob-faktura bilan sotib olish mumkinmi?
«Yo‘q, Cobalt Midnight avtomobilini navbatsiz sotib olishning imkoni mavjud emas», – deya qayd etdi «O‘zavtosanoat».
Narxlarni dilerni o‘zlari belgilamoqdami?
«Yo‘q. Dilerlik markazlari avtomobillar narxini mustaqil belgilash huquqiga ega emas. Savdo faqatgina UzAuto Motors tomonidan belgilangan narxlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Agar mijoz xohishiga ko‘ra avtomobilga qo‘shimcha qurilmalar yoki jihozlar (masalan, gaz ballon uskunasi, g‘ilof, masofaviy kalit va boshqalar) o‘rnatilsa, u holda mijoz bu xizmatni diler bilan tuziladigan alohida shartnoma asosida buyurtma qilib, to‘lovni amalga oshirishi mumkin», – deya javob berdi AJ.

Tarqalgan xabarlarda ayrim dilerlik markazlarida 167 mln deb belgilangan. Bu haqiqatga yaqinmi?
«UzAuto Motors» AJ dilerlik tashkilotlari faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib boradi. Avtomobillarni belgilangan narxdan yuqori narxda sotish taqiqlanadi va bu holat dilerlik shartnomasining buzilishi sifatida qaraladi. Bunday holatlar aniqlanganda tegishli choralar ko‘riladi. Hozirgi vaqtda «UzAuto Motors» AJ tomonidan Cobalt Midnight AT avtomobilining 167 million so‘m narxda sotilishi bo‘yicha hech qanday holat aniqlanmagan”, – deydi «Kursiv» nashriga «O‘zavtosanoat» AJ matbuot xizmati xodimi.

Ma’lumot o‘rnida, Cobalt Midnight tashqi ko‘rinishidagi qoramtir yoritish tizimi va qora g‘ildirak disklari bilan ajralib turadi. Kelajakda interyerda ham qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgan. Avtomobil 1,5 litrli, 106 ot kuchiga ega dvigatel va avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors Cobalt Midnight avtomobillarini yetkazib berishni boshlagani haqida yozgan edi.