Jahon banki O‘zbekistonda sug‘orish tizimiga $200 million kredit beradi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston hukumati ham qo‘shimcha $23,2 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratadi
Irrigatsiya
Foto: Depositphotos / project1photo

Jahon banki O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan loyihaga $200 mln imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Bundan tashqari, loyiha uchun O‘zbekiston hukumati ham qo‘shimcha $23,2 mln miqdorida mablag‘ ajratadi.

Loyiha Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlari loyihaning asosiy hududlari sifatida belgilangan.

Loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

  • 259 kilometr uzunlikdagi sakkizta yirik magistral kanallar betonlashtiriladi;
  • kanallar o‘zanining shakli va balandligi o‘zgartirilib, erkin oqimli suv yetkazib berish imkoniyati yaratiladi;
  • 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar quriladi;
  • Suv sarfini o‘lchovchi regulyatorlar o‘rnatiladi;
  • masofaviy boshqaruv va monitoring tizimi;
  • suv sarfini o‘lchovchi regulyatorlar o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish (SCADA) tizimi joriy qilinadi.

Natijada 232 ming gektar maydonda sug‘orish xizmatlari sifati yaxshilanadi, 180 ming suv foydalanuvchi, jumladan, 80 ming ayol, sug‘orish xizmatlariga ishonchli kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har yili 540 million kub metr suv va 165 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Jahon banki O‘zbekistonni raqamlashtirish uchun $35 mln ajratishi haqida yozgandi.

Shuningdek