Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasida yangi sahifa: Abdul G‘affor Teraviy bilan eksklyuziv suhbat

eʼlon qilindi
Afg‘onistonlik diplomat O‘zbekiston bilan hamkorlik va afg‘onlarni nima birlashtirishi haqida gapirdi
Abdul G‘affor Teraviy
Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasida yangi sahifa: Abdul G‘affor Teraviy bilan eksklyuziv suhbat / Foto: Progressiv islohotlar markazi

2025-yil 19 – 21-may kunlari bo‘lib o‘tadigan «Termiz muloqoti: Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish» xalqaro anjumani arafasida «Progressiv islohotlar markazi» Afg‘onistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janobi oliylari Abdul G‘affor Teraviy bilan eksklyuziv intervyu o‘tkazdi.

Suhbatda Afg‘onistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mintaqaviy barqarorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar, «Termiz muloqoti»ning ahamiyati, suv resurslaridan foydalanish masalasi va afg‘on qochqinlarini qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.

Suhbatni «Progressiv islohotlar markazi» direktori Mirshohid Aslanov va markaz eksperti Otabek Akramov olib bordi.

Bu maqolada siz bilib olasiz

Bugun ko‘pchilik Afg‘oniston o‘z tarixining noyob davrini boshdan kechirmoqda, deb hisoblaydi. Siz hozirgi vaqtda afg‘on jamiyatidagi umumiy kayfiyatni qanday tasvirlardingiz? Yangi hukumat hokimiyatga kelganidan beri milliy birlik va ichki uyg‘unlik borasida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

— Avvalo, muloqot imkonini yaratganingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. O‘zbekiston biz uchun har doim birodar va do‘stona ruhda qarshi oladigan musulmon yurt bo‘lib kelgan. Bu yurtda bo‘lishdan va o‘zaro hamkorligimizni davom ettirishdan mamnunman. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir hadisida aytilganidek, ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun doimo shukronalik bildirish lozim.

Afg‘onistondagi vaziyatga kelsak, yurtimiz bugun o‘ziga xos, tarixiy bir bosqichni boshdan kechirmoqda. Siz to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz — hokimiyatning qo‘ldan qo‘lga o‘tishi misli ko‘rilmagan tarzda, bir tomchi qon to‘kilmasdan, mutlaqo tinch yo‘l bilan amalga oshdi. Bu, avvalo, xalqimizning tinchlik va milliy totuvlikka intilishi natijasida ro‘y berdi.

Hokimiyat almashganidan so‘ng umumiy amnistiya e’lon qilindi. Biz hech kimni ta’qib qilmadik, javobgarlikka tortmadik — buning o‘rniga milliy yarashuvga intildik. Hatto avvalgi tuzumda xizmat qilganlarning mulklari va ish joylari saqlab qolindi. Ularning ko‘pchiligi bugun ham Afg‘onistonda yashab, tinch va xavfsiz sharoitda ishlashni davom ettirmoqda. Biz hatto ilgari xorijiy davlatlar bilan hamkorlik qilganlarni ham Vatanga qaytishga ochiqchasiga taklif qilmoqdamiz. Bizning xabarnomamiz oddiy: uyga qayting, tinch Afg‘onistonni barpo etishda ishtirok eting.

Bugun Afg‘oniston to‘liq hukumat nazorati ostida. Uzoq yillardan beri ilk bor biz barqarorlik, xavfsizlik va fuqarolar hayoti hamda mulkiga tahdid yo‘qligi haqida bemalol gapira olamiz. Odamlar o‘zlarini ishonchli va xotirjam his qilishmoqda, hukumat esa bu yo‘lni xalq farovonligi yo‘lida davom ettirishga qat’iy bel bog‘lagan.

Foto: Mirshohid Aslanov / Progressiv islohotlar markazi

— Xalqaro hamjamiyat an’anaviy ravishda Afg‘onistonni asosan xavfsizlik prizmasi orqali baholaydi. Bugungi kunda mamlakatda real barqarorlashuvning qandaydir belgilarini kuzatish mumkinmi?

— Bugungi kunda Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlik misli ko‘rilmagan darajada. Ilgari, respublika tuzumi davrida, xavfsizlik masalalari doim jiddiy xavotir uyg‘otardi — hozir esa bu kabi savollar umuman ko‘tarilmayapti. Chet el ommaviy axborot vositalarida ba’zan tarqatilayotgan salbiy materiallar esa asl holatni aks ettirmaydi va propagandadan boshqa narsa emas. Aytilganidek «Yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal.»

Bugun Afg‘onistonda chinakam barqarorlik va xavfsizlik hukm surmoqda. Odamlar o‘z kundalik ishlari bilan bemalol shug‘ullanishmoqda, o‘zlari va yaqinlari uchun xavotirlanmasdan yashashmoqda.

Ijozat bergaysiz, Qur’oni karimdagi muborak oyatdan bir misol keltiraman: agar kimdir sizni yo‘ldan ozdirishga yoki fitna tarqatishga urinayotgan bo‘lsa, avvalo o‘zingiz ko‘rib, ishonch hosil qiling — mish-mishlarga ishonmang. Aynan shunday — Afg‘onistonga keling, o‘zingiz ko‘ring: bu yurt bugun tinchlik va osoyishtalikda yashamoqda.

— Bugungi kunda afg‘on xalqini qanday g‘oyalar va qadriyatlar birlashtirib turibdi? Bu o‘tish davrida ichki hamjihatlikni saqlab qolishga nima yordam bermoqda?

— Afg‘onistonda etnik va madaniy xilma-xillik mavjud bo‘lishiga qaramay, tariximiz shuni ko‘rsatadiki, bu farqlar hech qachon adovat yoki ziddiyatlarga sabab bo‘lmagan. Afg‘on xalqi tabiatan bag‘rikeng bo‘lib, bir-birining an’ana va qadriyatlariga hurmat bilan qaraydi.

Xalqimizni birlashtiruvchi asosiy omil esa — har doim islom dini bo‘lgan, va  shunday bo‘lib qoladi. Bu bizning umumiy ma’naviy poydevorimiz bo‘lib, millatimiz birligini mustahkamlab kelmoqda. Parvardigor Qur’onda marhamat qiladi: «Men sizlarni turli elatlar va qabilalarga bo‘ldim, toki bir-biringizni tanib olasizlar.» Islomda insonning nasl-nasabidan ko‘ra, uning taqvosi, insoniyligi va halolligi ustun qo‘yiladi.

Har qanday jamiyat va davlat taraqqiyotida qo‘shni mamlakatlarning o‘rni nihoyatda muhim. Bu nafaqat barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, balki iqtisodiy o‘sishga ham taalluqlidir. Birodar o‘zbek xalqi Afg‘onistonda infratuzilma loyihalari, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy sohalarga investitsiyalar kiritish orqali allaqachon salmoqli hissa qo‘shmoqda. Biz bu ko‘makni yuksak qadrlaymiz, va albatta, yanada faol ishtirokni ko‘rishni istardik.

Bugun mamlakatlarimiz oldida noyob tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari birgalikda harakat qilib, butun mintaqaga xalqaro dengiz yo‘llariga chiqish imkonini beruvchi sharoitlarni yaratishlari mumkin. Bu esa Shimol, Janub, G‘arb va Sharqni birlashtiradigan yirik iqtisodiy va transport hamkorligining asosiga aylanadi va butun qit’aning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlaydi.

Biz ayniqsa, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘lovchi temiryo‘l qurilishi loyihasiga katta ahamiyat beramiz. Energetika hamda tabiiy boyliklar, xususan, Jo‘zjon viloyatidagi gaz konlarini o‘zlashtirish yo‘nalishlari ham muhim sanaladi.

Islomiy an’anada shunday muborak hadis bor: «O‘zing uchun istagan narsani qo‘shning uchun ham istagin». Aynan shu qadriyatlarga asoslanib, biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni shunchaki iqtisodiy sheriklik emas, balki qo‘shnilarga nisbatan diniy va axloqiy burchimizni ado etish deb bilamiz.

Foto: Otabek Akramov / Progressiv islohotlar markazi

— Yaqinda amaldagi hukumat hokimiyat tepasiga kelganiga 5 yil to‘ladi. Bugungi kunda tashqi siyosat konsepsiyasi shakllanganmi? Qaysi davlatlar Afg‘oniston uchun strategik hamkor sifatida ko‘rilmoqda?

— Ha, bizda tashqi siyosatga oid asosiy yondashuvlar aniq belgilangan. Biz ikki asosiy tamoyilga tayanamiz: muvozanatli siyosat va iqtisodiy konsentratsiya. Bir tomondan, biz dunyodagi barcha davlatlar bilan teng va konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishga intilamiz, boshqa tomondan esa mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishga faol tashqi iqtisodiy siyosat orqali e’tibor qaratamiz.

Asosiy tamoyillarimiz:

— Boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik.

— O‘zaro manfaat asosida barcha davlatlar bilan samarali va pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

— Milliy manfaatlarni ilgari surish maqsadida xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilish va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etishdan iborat.

Agar ustuvorliklar haqida gapiradigan bo‘lsak, albatta, biz uchun mintaqa davlatlari asosiy o‘rinda turadi. Biz chin dildan ishonamizki, Afg‘onistonning barqaror rivoji va xavfsizligi bevosita qo‘shnilarimizning tinchligi va farovonligi bilan bog‘liqdir. Sharq donoligida aytilishicha: «Bizdagi barqarorlik — mintaqadagi barqarorlikdir. Mintaqadagi barqarorlik esa bizning o‘z xavfsizligimizdir».

Sizningcha, yaqinlashib kelayotgan «Termiz muloqoti» forumi Afg‘oniston uchun qanday ahamiyatga ega?

— Ushbu forum va unga o‘xshash platformalar nafaqat Afg‘oniston, balki butun mintaqa uchun juda muhimdir. Bunday tadbirlar yangi aloqalarni o‘rnatishga, hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga va ilgari foydalanilmagan iqtisodiy hamda investitsion salohiyatni ochishga xizmat qiladi.

Afg‘oniston uchun «Termiz muloqoti»da ishtirok alohida ahamiyatga ega. Bu bizga o‘z loyihalarimizni taqdim etish, afg‘on va xorijiy tadbirkorlar, investorlar hamda davlat idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkonini beradi. Ayniqsa, iqtisodiyotimizdagi  investitsiya tashabbuslarini ilgari surish, savdo aloqalarini rivojlantirish va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishga katta umid bog‘laymiz.

Shaxsan men ushbu forum natijalarini diqqat bilan kuzatib boraman, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun. Biz chin dildan umid qilamizki, bunday muloqotlar yanada yaqin hamkorlik, o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash asosiga aylanishi mumkin.

— Bugungi kunda Afg‘oniston mintaqaviy investitsiya loyihalarida faol ishtirok etmoqda: Trans-Afg‘on temir yo‘li qurilishi, CASA-1000 elektr uzatish liniyasi, TAPI gaz quvuri va boshqa loyihalar. Afg‘onistonning ushbu loyihalardagi ishtiroki istiqbollari qanday va mamlakat bu jarayonda qanday rolni o‘z zimmasiga olishga tayyor?

— Afg‘oniston doimo mamlakat ichida va butun mintaqa doirasida iqtisodiyot va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarda ishtirok etishga ochiqdir. Biz Trans-Afg‘on temir yo‘li, CASA-1000 va TAPI (Turkmaniston — Afgoniston — Pokiston — Hindiston gaz quvurini qurish loyihasi) kabi loyihalar Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi savdo yo‘llarini ochishda muhim rol o‘ynashiga ishonamiz.

Ushbu loyihalar nafaqat mintaqaviy iqtisodiy farovonlikni ta’minlaydi, balki Afg‘onistondagi ichki iqtisodiy vaziyatni sezilarli darajada yaxshilaydi. Bu biz uchun tashqi resurslarga bog‘liqlikni kamaytirish, energetika tanqisligini hal qilish va ichki infratuzilma islohotlarini jadallashtirish imkoniyatidir. Afg‘oniston ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun to‘liq xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor. Investitsiya xavfsizligi bizning asosiy ustuvorligimizdir. Bundan tashqari, mamlakat hududida barcha zarur infratuzilma va texnik majburiyatlarni bajarish hamda bojxona, texnik standartlar va kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlatlararo kelishuvlarni faollik bilan imzolashga intilamiz.

Shuningdek, bunday tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun o‘z infratuzilmasini, jumladan energiya tarmoqlari va transport logistikasini modernizatsiya qilish zarurligini tushunamiz. Afg‘oniston bu yo‘nalishda jiddiy ishlashga tayyor.

Sizningcha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarida hali amalga oshirilmagan qaysi imkoniyatlar mavjud? Ular orasida eng katta salohiyatga ega bo‘lganlari qaysilar?

— Bizning fikrimizcha, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmagan. Har ikkala mamlakatda sezilarli imkoniyatlar mavjud bo‘lib, ularni to‘g‘ri amalga oshirish orqali nafaqat afg‘on, balki o‘zbek xalqiga ham katta foyda keltirish mumkin. Bugungi eng muhim vazifa — erkin savdo almashinuviga xalal berayotgan to‘siqlarni bartaraf etishdir. Biznes vakillari uchun vizalar va bojxonalar tartibini soddalashtirish, eski kelishuvlarni ko‘rib chiqish va ularni bekor qilish kerak.

Qo‘shma ko‘rgazmalar, biznes forumlari va savdo delegatsiyalari almashuvlarini faol tashkil etish lozim. Zamonaviy kommunikatsiya platformalari va raqamli yechimlar savdo sohasida muhim rol o‘ynashi kerak. Aniq yo‘nalishlarga kelsak, Afg‘oniston za’faron, bodom, anor, olma va quritilgan mevalar kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishni oshirishga tayyor. Shu bilan birga, biz O‘zbekistondan don, elektr energiyasi va sanoat mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirmoqdamiz.

Shuningdek, energetika sohasida ham katta imkoniyatlar mavjud. Afg‘oniston hozirda O‘zbekistondan elektr energiyasini sotib olmoqda, biroq biz hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni istar edik.

Ayniqsa, Afg‘onistonning tabiiy resurslarini birgalikda o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biz o‘zbek kompaniyalarini marmar, temir, mis va boshqa foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlashda ishtirok etishga chaqiramiz, keyinchalik esa mahsulotlarni O‘zbekistonga eksport qilishni rejalashtiryapmiz. Hukumatlarning samarali koordinatsiyasi va qo‘llab-quvvatlashi bilan savdo-iqtisodiy aloqalarimiz butun mintaqa uchun namuna bo‘la oladi, degan umiddamiz

Uzoq davom etgan mojarolar natijasida ko‘plab afg‘on fuqarolari mamlakatni tark etdi. Hozirgi Tolibon hukumati o‘z vatandoshlarini qaytarish uchun qanday choralar ko‘rmoqda?

— Avvalo, kichik bir aniqlik kiritmoqchiman. Mamlakatimiz rasmiy nomi «Afg’on Islom Amirligi», xorijiy ommaviy axborot vositalarida ko‘p ishlatiladigan «Tolibon» emas. Shuningdek, o‘zimizni «afg‘on» deb atashni afzal ko‘ramiz, tashqi manbalar tomonidan beriladigan «afg‘onistonlik» kabi atamalardan farqli ravishda.

Savolingizga kelsak, vatandoshlarimizni o‘z yurtimizga qaytarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qilmoqdamiz. Hukumat har bir afg‘on o‘z Vatanida o‘zini xavfsiz va ishonchli his qilishi uchun faol ish olib bormoqda. Qochqinlar chegarani kesib o‘tgach, ularga vaqtinchalik panohgohlar taqdim etiladi va doimiy yashash joylariga yetib olishlari uchun yordam ko‘rsatiladi. Xususiy sektor, tadbirkorlar va oddiy fuqarolar ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, transport, turar joy va zarur resurslarni taqdim etadi.

Davlat qaytib kelayotganlarga yer uchastkalari ajratadi, maxsus maskanlar quriladi. Xalqaro gumanitar tashkilotlarning ko‘magi bilan tibbiy va psixologik yordam ham ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, hukumat chet elda qolgan fuqarolarning mulk huquqlarini himoya qilish ustida ishlamoqda. Biz Pokiston, Eron va boshqa davlatlar hukumatlari bilan muzokaralar olib borib, fuqarolarimizning chet eldagi mulki, biznesi va moliyaviy aktivlarini saqlab qolishni ta’minlashga harakat qilmoqdamiz.

Muhim jihati shuki, qaytish jarayoni mamlakat rahbariyati shaxsiy nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Bosh vazir va asosiy vazirlar ushbu masalalarni bevosita nazorat qilib, qaytib kelayotganlar to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini va o‘z yurtida yangi hayotni boshlashini ta’minlayapti.

Biz chet elda yashayotgan barcha afg‘onlarni qaytish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqiramiz. Hozirgi davr tarixiy hisoblanadi. Mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatildi, yirik iqtisodiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Biz mutaxassislarga, ularning tajribasi va bilimlariga, agar imkon bo‘lsa, moliyaviy yordamga muhtojmiz. Lekin avvalo — biz vatandoshlarimizni uyga chaqiramiz, birgalikda kuchli va gullab-yashnagan Afg‘oniston qurish uchun.

Afg‘onistonning mintaqaviy suv resurslaridan oqilona va birgalikda foydalanish borasidagi pozitsiyasi qanday, xususan, Qo‘shtepa kanali loyihasi kontekstida?

— Afg‘on Islom Amirligining ushbu masaladagi pozitsiyasi mutlaqo aniq va ravshan: biz barcha tomonlarning huquqlariga adolatli va hurmat bilan munosabatda bo‘lish tamoyillariga qat’iy rioya qilamiz. Afg‘oniston boshqa davlatlarning resurslariga da’vo qilmaydi, lekin o‘z qonuniy huquqlarini to‘liq himoya qilishni niyat qilgan va xalqaro normalar hamda kelishuvlarga qat’iy amal qiladi.

Qo‘shtepa loyihasiga kelsak, biz suv resurslaridan foydalanish har bir davlatga tegishli huquqlar doirasida amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaymiz. Hech kim boshqa davlatlarning huquqlarini cheklay olmaydi va biz ham Afg‘oniston huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Amudaryo suvini faqat mamlakatimizga qonunan tegishli miqdorda ishlatamiz.


Islomiy an’analardan misollar keltirishga ruxsat bering, ular bizning davlat siyosatimizni ham shakllantiradi. Qur’onda bir oyatda aytilishicha, musulmon isrof qilmasligi kerak — bu suvga ham taalluqlidir. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) hatto tahorat qilayotganda ham ortiqcha sarflashdan tiyilish kerakligini o‘rgatgan: «Qo‘lingda daryo bo‘lsa ham, suvni bekorga isrof qilma».

Biz aynan shu tamoyillarga qat’iy rioya qilamiz. Afg‘oniston suv resurslaridan iqtisodiy, mas’uliyatli va faqat o‘z qonuniy huquqlari doirasida foydalanadi.

— Iltimos, o‘zingizning diplomatik faoliyatingizni qanday boshlaganingiz haqida so‘zlab bering. Ushbu tajriba bizning tinglovchilarimiz, ayniqsa, diplomat kasbiga intilayotgan yoshlar uchun juda qiziqarli bo‘ladi.

— Savolingiz uchun rahmat. Ijozat bersangiz, javobni shundan boshlayman: Islom tarixida diplomatiya har doim muhim rol o‘ynagan. Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ham boshqa xalqlarga elchilar yuborganlar, bu ishda chuqur bilimga ega, boshqa madaniyatlarning an’analarini hurmat qiladigan va ishonchli munosabatlar o‘rnatishga qodir insonlarni tanlaganlar. Bu fazilatlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Mening diplomatik faoliyatim uzoq yillik davlat xizmatidan boshlangan. Men Islomiy Amirlikning 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgan birinchi boshqaruvi davrida ham turli lavozimlarda, jumladan, adliya tizimida ishlaganman. Shuningdek, men jihodda ham ishtirok etganman — bu esa menga nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni chuqur anglash imkonini bergan.

Elchi lavozimiga tayinlanishimda mening kasbiy tajribam, milliy manfaatlarga sadoqatim va xalqaro munosabatlarni tushunishim hisobga olingan. Bu qaror Bosh vazir va Amir- al Mo’minin darajasida qabul qilingan — bu men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Shuni ta’kidlash kerakki, men islomiy ulamolar safidanman. Ulamolar nafaqat diniy qoidalarni, balki huquqiy tizimlarni ham chuqur o‘rganadilar. Bu esa bizga xalqaro maydonda o‘z yurtimiz manfaatlarini samarali himoya qilish va boshqa davlatlar bilan umumiy nuqtalarni topishda, ularning qadriyatlari va an’analarini hurmat qilishda yordam beradi.

So‘zim yakunida diplomatik faoliyatni orzu qilayotgan yoshlarimizga aytmoqchiman: sabrli bo‘linglar, ilmga intilinglar, boshqa madaniyatlarni hurmat qilinglar va diplomatik lavozim xalq oldidagi katta mas’uliyat ekanini hech qachon unutmanglar.

Shuningdek