O‘zbekistonda bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab tashkil etiladi

O‘zbekistonda bolalar orasida onkologik va onkogematologik kasalliklar bo‘yicha ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida xalqaro tajribaga asoslangan yangi tizim joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-iyulgacha «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimida ushbu kasalliklarga chalingan bolalarni ro‘yxatga olish, tashxislash, davolash, dispanser kuzatuvi va yo‘naltirish jarayonlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Ushbu tizim orqali bemorlarning holati yagona elektron platforma orqali boshqariladi. Shuningdek, shifokor qabuliga masofadan yozilish va onlayn maslahatlar olish imkoniyatlari yaratiladi. 2025-yil yakuniga qadar mazkur loyiha doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab tashkil etiladi. U ilmiy-ta’lim muassasasi sifatida faoliyat yuritadi va xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlarini joriy etish, shuningdek, kasallik tarqalishining epidemiologik holatini tahlil qilish va prognozlash kabi vazifalarni bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pfizer va 3SBio hamkorlikda saratonga qarshi yangi preparat ishlab chiqarishi haqida yozgan edik.