Poytaxtda uy-joy investitsiyasidan olinadigan daromad darajasi pasaydi

eʼlon qilindi
2025-yil aprel holatiga ko‘ra
Poytaxtda uy-joy investitsiyasidan olinadigan daromad darajasi pasaydi / Foto: Sun’iy intellekt yordamida yasaldi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, uy-joyga investitsiyalardan olinadigan umumiy daromad o‘rtacha 6,2 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning aprel oyida 27,8 foiz bo‘lgan edi.

Daromadlarning kamayishi, birinchi navbatda, uy-joy ijarasi bo‘yicha tushumlarning qisqarishi (10,9%dan 8,1%gacha) va uy-joy narxlarining o‘rtacha 2,4 foizga arzonlashuvi bilan izohlanadi.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, investitsiya daromadliligi uy-joyning joylashuvi va xonalar soniga qarab keskin farq qilmoqda. Shayxontohur tumanidagi 1 xonali uy eng yuqori daromad (25,1%) keltirgan bo‘lsa, Olmazor tumanidagi 4 xonali kvartiralar zarar keltirgan (-2,5%). Ayni paytda, 1 va 2 xonali uylar o‘rtacha 8,5% va 6,3% daromad ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 3 va 4 xonali xonadonlarda bu ko‘rsatkich mos ravishda 6,7% va 3,3%gacha pasaygan.

Shu bilan birga, milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich uy-joyga kiritilgan investitsiyalar daromadliligidan yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa aholining sarmoyaviy qarorlarida ko‘chmas mulkka bo‘lgan qiziqishning pasayishi va bank omonatlarining nisbatan jozibador bo‘layotganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekistonda soliq tushumlari 18,7 foizga oshgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek