Air Samarkand Gruziya va Ozarbayjonga reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Air Samarkand aviakompaniyasi Toshkentdan Tbilisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, Batumi va Boku yo‘nalishlarida parvozlarni boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Tbilisiga birinchi reys 18-may kuni amalga oshirildi. Endi ushbu yo‘nalishda parvozlar har seshanba va payshanba kunlari bajariladi. Batumiga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar 9-iyundan boshlanadi. Reyslar dushanba, seshanba va shanba kunlari parvoz qiladi.
Ikkala yo‘nalish ham Air Samarkand hamda EasyBooking turoperatori hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, 6-iyundan boshlab aviakompaniya Toshkentdan Boku shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni amalga oshiradi. Samolyotlar seshanba va payshanba kunlari Toshkentdan, juma kuni esa Samarqanddan uchadi.
«Yangi yo‘nalishlar sayohatchilarning qiziqishlari va xalqaro safarlarga bo‘lgan ortib borayotgan talabni hisobga olgan holda tanlandi», – dedi aviakompaniyaning PR-direktori Oleg Ivanov.
Bundan tashqari, Air Samarkand Istanbulga reyslar soni oshirilishini ham e’lon qildi. 26-maydan boshlab Samarqanddan Turkiyaning ushbu shahriga haftasiga besh marta parvozlar amalga oshiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Air Samarkand aviakompaniyasi Samarqanddan Tel-Avivga parvozlarni boshlagani haqida yozgandi.