Gadjetlar

Alcatel «qog‘oz» displeyli V3 Ultra smartfonini taqdim etdi

Yangi seriyaga Classic, Pro va Ultra variantlari kiradi va ular faqat Flipkart orqali sotuvga chiqariladi
Alcatel
Foto: Alcatel

Alcatel V3 5G seriyasiga Classic, Pro va Ultra variantlari kiradi va ular faqat Flipkart orqali sotuvga chiqariladi. Bu haqda Gadgets360 nashri ma’lum qildi.

Alcatel kompaniyasi yangi V3 smartfonlar seriyasi taqdimot sanasi va texnik jihatlarini oshkor etdi. Yaqinlashayotgan taqdimotning asosiy modeli V3 Ultra bo‘ladi. Bu model displeyi bilan vizual tarzda elektron kitobga o‘xshaydi. Lekin IPS-panelga xos xususiyatlarni saqlab qoladi.

Alcatel
Rasm: 4pda

Alcatel V3 Ultra 5G 6,8 dyuymli Full HD+ displey, 120 Gts yangilanish chastotasi, NXTPAPER aksga qarshi qoplama bilan ishlangan. Asosiy yangiliklardan biri esa smartfon qulay o‘qish uchun «qog‘oz» rejimiga ega bo‘ladi. Protsessor modeli rasman aytilmagan (taxminlarga ko‘ra, Dimensity 6300 bo‘lishi mumkin). Biroq xotira konfiguratsiyasi ma’lum — 6 GB operativ va 128 GB doimiy xotira.

Smartfonning orqa tomonidagi uchlik kamera tizimi quyidagilardan iborat: asosiy 108 megapiksellik modul, 8 megapiksellik ultra keng burchakli obyektiv va chuqurlik sensori. Qurilma 5010 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. U 33 vattlik tezkor quvvat olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, smartfonda stereo dinamiklar va stylus (ruchka) uchun maxsus joy bo‘ladi.

Alcatel
Rasm: 4pda

Alcatel V3 Pro — bu seriyaning arzonroq varianti bo‘lib, 6,7 dyuymli (HD+, 120 Gts) aksga qarshi qoplamali ekranga ega. Qurilma 5200 mA/soat akkumulyator va Dimensity 6300 protsessori bilan jihozlanadi. 8 GB operativ xotira bilan ishlaydigan modelda 50 MP asosiy sensorli ikki kamerali tizim va 8 MP old kamera mavjud bo‘ladi.

Alcatel
Rasm: 4pda

Alcatel V3 Classic ham 6,7 dyuymli (HD+, 120 Gts) ekranga ega bo‘ladi. Ammo unda NXTPAPER texnologiyasi bo‘lmaydi. Protsessor, xotira va kamera konfiguratsiyasi V3 Pro modeli bilan bir xil bo‘ladi.

Alcatel V3 seriyasining taqdimoti 27-may sanasiga belgilangan. Smartfonlarning narxi hozircha e’lon qilinmagan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Samsung Galaxy Z Fold 7 va Tri-Fold modellari titandan yasalishi mumkinligi haqida yozgan edi.