
Google 2025-yil iyun oyida chiqariladigan Android 16 tizimida o‘g‘irlangan smartfonlarni butunlay bloklab qo‘yadigan yangi xavfsizlik choralarini joriy etmoqda.
Factory Reset Protection (FRP) tizimining yangilangan versiyasi telefonni egasining Google hisobisiz tiklashni imkonsiz qiladi – qurilma hatto zavod sozlamalariga qaytarilganda ham foydalanib bo‘lmaydigan «g‘ishtga» aylanadi.
Bu yangilik The Android Show: I/O Edition tadbirida taqdim etildi. Namoyish qilingan misollarga ko‘ra, agar telefonni sozlamalar orqali yoki maxsus tugmalar yordamida tiklashga urinish shubhali deb topilsa, tizim uni avtomatik bloklaydi. Uni faqat oxirgi parol yoki bog‘langan Google akkaunti yordamida ochish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bloklangan holatda ekranda maxsus xabar paydo bo‘lib, qurilmaning qulflangani haqida ogohlantiradi. Bu esa telefonni o‘g‘irlab pulga aylantirishga urinayotganlar uchun katta to‘siq bo‘ladi.
Asosiy jihatlar:
- Qurilmaga oxirgi foydalanuvchi ma’lumotlarisiz kirib bo‘lmaydi.
- Tiklash rejimi orqali himoyani chetlab o‘tish ishlamaydi.
- Android 16 xavfsizlikni jiddiy bosqichga olib chiqadi.
Bundan tashqari, Android 16 Material 3 Expressive dizayniga yangilanish olib keladi – u interfeysni soddalashtiradi va ayniqsa, keksa foydalanuvchilar uchun qulaylikni oshiradi. Yangilanish «Soat» kabi asosiy ilovalarga ham ta’sir qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qaysi Samsung qurilmalari One UI 8 yangilanishini olmasligi haqida xabar bergan edi.