«Avtooyna» xususiylashtirildi: endi GM talablariga javob beradigan oynalarni kim ishlab chiqaradi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, «Avtooyna» MCHJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha 200,5 mlrd so‘mlik bitim imzolandi.
Xususiylashtirish doirasida 8 nafar xalqaro va mahalliy investorlar sotib olish bo‘yicha ariza topshirdi. Ammo keyingi bosqich – majburiyatga ega bo‘lgan takliflar (BO) belgilangan muddatda 4 nafar investor tomonidan taqdim etildi. Eng yuqori narxni «Uet Invest» MChJ taklif qilib, savdo g‘olibi deb topildi. Kompaniya aktivni 200,5 mlrd so‘m evaziga sotib oladi. Bitimga ko‘ra, xaridor to‘lovning dastlabki 35 foizini bir oy ichida amalga oshirishi lozim.
Shuningdek, xaridor quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi:
- aktivning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil davomida saqlab qolish;
- General Motors (AQSh) kompaniyasining tasdiqlangan yetkazib beruvchisi bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvlarga rioya qilish;
- General Motors texnologiyalari bilan bog‘liq texnologik jihozlardan foydalanish bo‘yicha «Bosh Alyans» kelishuvining talablariga amal qilish.
Xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va jarayonlarni muvofiqlashtirish davlat komissiyasi qarori bilan tasdiqlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi bo‘yicha PF-70-sonli prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.