Yangiliklar

Ba’zi tibbiyot xodimlarining maoshlari oshiriladi

KPI talablariga javob bermagan rahbarlar esa lavozimidan ozod etiladi
Ba’zi tibbiyot xodimlarining maoshlari oshiriladi / Foto: Freepik

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatadigan tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha ustamalar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, sayyor xizmat ko‘rsatuvchilarga bazaviy stavkaning 50 foizi, ortiqcha aholi biriktirilganlik uchun qo‘shimcha ustama hamda maxsus kurslarni tamomlaganlarga bazaviy stavkaning 100 foizigacha ustama to‘lanadi.

Tuman va shahar markaziy shifoxonalari shifokorlarining maoshlari 20 foizga, o‘rta tibbiyot xodimlariniki esa 10 foizga oshiriladi. Shuningdek, ish samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida ustama ham joriy etiladi.

Tibbiyotni boshqarish bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan rahbarlar ham qo‘shimcha ustamalar bilan rag‘batlantiriladi. Sertifikatga ega rahbarlarga 100 foizgacha, o‘rinbosarlarga 80 foiz, bosh hamshiralarga esa 50 foiz ustama belgilanadi. KPI talablariga javob bermagan rahbarlar lavozimidan ozod etilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bolalar saratoniga qarshi kurash strategiyasi qabul qilingan edi.